Yuqori Chirchiq tumanida 12 yoshli qizga SMS xabarlar yozib, shahvoniy shilqimlik qilib kelgan 59 yoshli erkak 5 sutkaga qamaldi.
Qizning otasi bundan xabar topib ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan va holat yuzasidan A.N.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sudlanuvchi ushbu harakatlarni sodir etganini tan olib, yomon niyati bo‘lmaganini, qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik berishni so‘ragan.
Sud tomonidan A.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Jazo o‘talganidan so‘ng A.N.dan Toshkent viloyat IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 51 ming so‘mdan 5 kun, jami 255 ming so‘m saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undirilishi belgilandi.