Ayni kunlarda Beshariq tumanining qoʻshni Tojikiston bilan chegaradosh hududda joylashgan “Andarxon” nazorat-oʻtkazish punkti yonida zamonaviy savdo-logistika markazi qurilishi jadal davom etmoqda.
“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi tasarrufidagi ushbu savdo-logistika markazi 6 gektar maydonda tashkil etiladi. Istiqbolli loyiha doirasida 86 milliard soʻm mahalliy investitsiya mablagʻi yoʻnaltirilib, majmuada 200 ta savdo doʻkonlari, mehmonxona, bank, logistika markazi hamda kafe-restoranlar joylashtiriladi.
Savdo-logistika markazi ishga tushirilishi natijasida Oʻzbekiston hamda Tojikiston tadbirkori tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlari doʻkonlarga joylashtirilib, shu yerning oʻzida savdo aloqalari yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa markazda xizmat koʻrsatish sohasida ming nafar aholi bandligini taʼminlash rejalashtirilgan.
—Tumanimiz qoʻshni Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyati bilan chegaradosh hududda joylashgan boʻlib, keyingi yillarda tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik koʻlami kengayib bormoqda, — deydi “Andarxon” MFY hokim yordamchisi Avazbek Abdurahmonov. — Bu markazning ishga tushirilishi esa ikki tomonlama ulgurji va chakana savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi.