Ukraina Qurolli kuchlari snaryadlar yetkazib berish yaqin kelajakda toʻxtab qolishidan xavotirda. Bu haqda “Washington Post” NATOning oʻzini anonim qolishini istagan yuqori martabali mulozimiga tayanib yozmoqda.
Nashrning yozishicha, manba Ukraina Qurolli kuchlarining artilleriya snaryadlari yetishmasligi haqidagi xabarga izoh bergan. Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina boʻlinmalari allaqachon oʻq-dorilar isteʼmolini meʼyorlashtirmoqda, bu esa qoʻmondonlarni qiyin tanlov qilishga majbur qilmoqda.
“Menimcha, ular [Ukraina Qurolli kuchlari qoʻmondonlari] oʻq-dorilar tugashi mumkinligidan xavotirda”, dedi alyans vakili. U, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari vakillarining Rossiyaning artilleriyadagi ustunligi haqidagi bayonotlariga ishora qildi. NATO vakili boʻlgan yana bir suhbatdoshning aytishicha, bunday vaziyat Yevropa davlatlari uzoq yillar davomida oʻz harbiy sanoati salohiyatini kengaytirmagani uchun yuzaga kelgan.
Avvalroq, Ukraina strategik sanoat vaziri Aleksandr Kamishin Ukraina Qurolli kuchlarining snaryadlarga boʻlgan ehtiyoji Gʻarb imkoniyatlaridan oshib ketganini maʼlum qilgandi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻq-dorilar ishlab chiqarish koʻp marta koʻpayganiga qaramay, Ukraina ehtiyojlari AQSH va Yevropa Ittifoqining ishlab chiqarish quvvatidan oshib ketadi.