Cobalt va avtobus bilan to‘qnashgan elektrobus haydovchisi uzr so‘rab chiqdi

Cobalt va avtobus bilan to‘qnashgan elektrobus haydovchisi uzr so‘rab chiqdi

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida boshqaruvni yo‘qotib, Cobalt va yana bir avtobus bilan to‘qnashib ketgan elektrobus haydovchisi uzr so‘radi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” xabar berdi.

«Men bugun yo‘llarning muzlamaligini inobatga olmagan holatda tezlikni oshirib, qarama-qarshi tarafga chiqib ketdim va Cobalt hamda o‘zimizning yo‘nalishdagi avtobusga borib urildim. Aybimdan ming pushaymondaman», deydi jamoat transporti haydovchisi.

Qayd etilishicha, 20 fevral kuni soat 10:10 larda Yutong rusumli 69-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi D.S. boshqaruvidagi avtobus Yakkasaroy tumani, Kichik halqa yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotgan.

Oqibatda yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanib kelayotgan boshqa bir 69-sonli avtobus hamda Cobalt’ga borib urilgan.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida Cobalt haydovchisi tan jarohati olgan va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tez yordamda yetkazilgan. Ikki avtobus va Cobalt texnik jihatdan shikastlangan.

«Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda», deyiladi bu haqdagi xabarda.