Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tuman bo‘limi va Yo‘l patrul xizmati xodimlari bilan hamkorlikda yo‘l harakati qoidalarini buzgan fuqarolarning jarimalarini undirish maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ana shunday reyd tadbirlarida aniqlanishicha, fuqaro Sh.A. 2023 yil davomida “Lacetti” rusumli avtotransport vositasini boshqarib, jami 31 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari tomonidan unga nisbatan jami 17,9 mln. so‘mlik 31 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan va avtotransport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Majburiy ijro byurosi To‘rtko‘l tuman bo‘limi boshlig‘i tomonidan qoidabuzarga xatlangan avtotransport vositasi tegishli tartibda baholatilib, kelgusida elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotilishi, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari davlat byudjetiga o‘tkazilishi haqida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shundan so‘ng qoidabuzar o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jami 17,9 mln. so‘mlik 31 ta ma’muriy jarimalarning barchasini shu kunning o‘zida to‘lagan va uning avtotransport vositasi egasiga qaytarib berilgan.
Hozirda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarni undirish ishlari davom etmoqda.