Firibgarlikda ayblanib Turkiyada qo‘lga olingan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda Istanbuldagi bosh konsulxona xabar berdi.
O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda ayblanib, 2016 yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan,1957 y. t. Rita Halilova joriy yilning 13-yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan edi.
23- yanvar kuni Rita Halilova Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi.
Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralagan.
Firibgarlik uchun qanday jazo belgilangan?
Firibgarlik – bu o‘zganing mulkini yoki mulkga bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishdir.
Firibgarlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs:
- BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (15 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Shuningdek, firibgarlikning miqdori, takroriyligi, sodir etgan shaxslar, sodir etish vositasidan kelib chiqib javobgarlik chorasi og‘irlashishi mumkin.
Firibgarlik kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa:
- BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha (30 mln so‘mdan 90 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa:
- BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha (90 mln so‘mdan 120 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Firibgarlik uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa:
- BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha (120 mln so‘mdan 180 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
- 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.