Lafz milliy qadriyat sifatida

Lafz milliy qadriyat sifatida

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan lafz va yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘rtasida qanday bog‘liqlik borligini ekonometrik yondashuv asosida tahlil qildi.

Har bir inson hayotida lafz shubhasiz muhim ahamiyatga ega. Chunki u boshqalarning sizga bo‘lgan ishonchini oshiradigan, mustahkamlaydigan fazilatdir. Til bilan berilgan va’da insonning subutli yoki subutsiz ekanini belgilaydi. Agar u lafzida tursa, demak, unga tevarak atrofdagilarning ishonchi ortib boraveradi, aksincha bo‘lsa, ishonchi yo‘qoladi. Shu bois ham xalqimiz lafzi halollikni qadriyat sifatida ko‘radi.

Dunyo tajribasiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, ko‘plab taniqli firma va kompaniyalar lafzga mas’uliyat bilan yondashgani uchun ham muvaffaqiyatga erishgan, deb bemalol aytish mumkin.

Ijtimoiy omillarning iqtisodiy o‘sishga ta’siri bir necha o‘n yillar davomida iqtisodchilar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mavzusi bo‘lib kelgan. Agar jamiyatda har bir fuqaro o‘z so‘ziga sodiq bo‘lsa, bu nafaqat ular o‘rtasidagi ishonchning oshishi, balki tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi va iqtisodiy o‘sishning ta’minlanishiga olib keladi.

Norvegiya ijtimoiy tadqiqotlar instituti professori Vollebekning fikriga ko‘ra, shaxslarning bir-biriga bo‘lgan ishonch darajasi va iqtisodiy o‘sish dinamikasi o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik mavjud. Masalan, jamiyatda ishonch darajasi qancha yuqori bo‘lsa, aholi jon boshiga daromad ko‘rsatkichi shuncha yaxshi bo‘ladi.

Ushbu tahlilda ishonch ta’siri va YAIM o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash maqsadida 2000-2019 yillar oralig‘ida Markaziy Osiyo (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) va Kavkaz mintaqalaridagi mamlakatlar (Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya), shuningdek, Mo‘g‘iliston uchun ma’lumotlardan foydalanildi.

Metodologiya. Ishonch darajasi ko‘rsatkichining YAIMga ta’sirini baholash o‘zgarmas effektli modeldan foydalanildi. Bunda qonun ustuvorligi indeksi (RoL) lafz uchun proksi o‘zgaruvchi, shuningdek, yalpi kapitalni shakllantirish (Capital), savdo ochiqligi (Trade) va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar (FDI) kabi omillar shartli o‘zgaruvchilar sifatida qo‘llanildi. Bu yerda qonun ustuvorligi, shartnomalarning bajarilishi, kelishuvlarning kuchga ega bo‘lishi zamirida lafz qadriyati ustuvor bo‘lganidan kelib chiqadi, degan faraz yotibdi. Chunku bular hammasi o‘zaro kelishuvning bir hosilalari.

Natijalar. Model natijalariga ko‘ra, tahlil qilinayotgan davlatlarda qonun ustuvorligining 0,01 bandga oshishi YAIMning deyarli 0,7 foizga o‘sishiga olib keladi. Modelning ishonchlilik testlari natijalariga ko‘ra, panellar o‘zaro bog‘liq, geteroskedastik va vaqt kesimida o‘zaro bog‘liqligi aniqlandi va shu sababdan hisob-kitoblar Driskoll-Krey standart xatoliklaridan foydalanilgan holda amalga oshirildi.

Amaliyotda qo‘llash uchun:
Umuman: Qanday ishga qo‘l urmang, halol bo‘ling hamda so‘zingizning ustidan chiqing. Agar va’da bersangiz, qanday noqulay vaziyat yuzaga kelsa ham uni bajaring. Agar va’dangizni bajarishga halaqit beradigan qandaydir kutilmagan holat yuzaga kelsa, bu haqida ochiq-oydin gaplashib oling.
Ishda/universitetda/maktabda: Va’dangizni o‘z vaqtida bajarishga harakat qiling, plagiatdan qoching va ilmiy izlanishlaringizda rostgo‘y bo‘ling. Hamkasblar yoki sinfdoshlar bilan munosabatlarda rostgo‘y bo‘ling va fikringizni ochiq-oydin bildiring.