Onasi mudiralik qilgan Chilonzor tumanidagi 230-sonli bog‘chada 4 nafar qizga tegajog‘lik qilgan o‘smir ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bog‘cha yoshidagi qizlarga tegajoqlik qilgan yigitning harakatlari bo‘yicha sud ishi yakunlanib, hukm o‘qilgan. Sud hukmiga ko‘ra, bog‘cha mudirasining o‘g‘li aybli deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, oxirgi sud majlisida negadir 16 yoshli ayblanuvchining o‘zi ishtirok etmagan.
Oliy sud matbuot xizmatining rasmiy axborotiga ko‘ra, 2024 yil 23 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida voyaga yetmagan X.Sh.ga (2008 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudyasi J. Qurbanov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq X.Sh. Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 85-moddasi 2-qismi «v» bandiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Jazoni tarbiya koloniyalarda o‘tash belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning may oyi boshida farzandlari Chilonzor tumanidagi 230-sonli bog‘chaga qatnovchi bir guruh ota-onalar Kun.uz’ga murojaat qilib, bog‘cha mudirasining o‘g‘li bolalar uxlab yotgan xonaga kirib, qizlarini qo‘rqitib yechintirgani va tegajog‘lik qilganini bildirishgandi.
Keyinchalik Toshkent shahar IIBB 2008 yilda tug‘ilgan yigit Jinoyat kodeksining 119-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanayotganini ma’lum qilgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa bog‘cha mudirasi vazifasidan ozod etilganini bildirgan. Bosh prokuratura bog‘cha bolalariga nisbatan sodir etilgan jinoyat ishi tergovini qat’iy nazoratga olgani haqida xabar bergandi.