Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekiston hududlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulotning o‘sishini tahlil qildi.
2017-2023 yillarda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) ishlab chiqarish hajmi 137,3 foizga (1,4 barobar) oshib, 2023-yilda 1066,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Mamlakatimizning 8 ta hududi, jumladan Toshkent shahri, Namangan, Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida mahalliy tabiiy-iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hisobiga yalpi hududiy mahsulotning (YAHM) jadal o‘sishi (139-170 foiz) ta’minlandi.
Pandemiyadan keyingi davrda Andijon, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida qisqa muddatda iqtisodiy rivojlanishda barqarorlik ta’minlandi (2020-yilda o‘rtacha 102 foizdan, 2022-2023 yillarda – o‘rtacha 105-106 foizgacha).
2017-2023 yillarda hududlarda YAHMning o‘sishiga quyidagi tarmoqlar sezilarli hissa qo‘shdi:
– Andijon, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida YAHM o‘sishini ta’minlashda sanoat sektori (hududda YAHMning o‘rtacha yillik o‘sishida 1,6-3,7 foiz) sezilarli ahamiyatga ega bo‘ldi;
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida YAHM o‘sishini ta’minlashda xizmat ko‘rsatish sohasi (YAHMning o‘rtacha yillik o‘sishida 1,8-4,9 foiz) yetakchi tarmoq sifatida qayd etildi.
YAIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan hajmi 2023-yilda 29,3 mln. so‘mni tashkil etib, iqtisodiy rivojlangan hududlarning mavqei mustahkamlandi. Bu Navoiy (2017-yildagi 2,0 barobardan 2023-yilda 2,6 barobarga), Toshkent (1,0 barobardan 1,2 barobarga) viloyatlari va Toshkent shahri (1,6 barobardan 2,1 barobarga) va respublika ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi farq oshganligida namoyon bo‘ldi.
2017-2023 yillarda mamlakatning iqtisodiy rivojlangan hududlarini hisobga olmagan holda 6 ta hududda (Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari) YAHMning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulushi o‘rtacha respublika ko‘rsatkichiga (Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari bundan mustasno) yaqinlashgani qayd etildi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida «drayver» sohalarni rivojlantirish va hududlar salohiyatidan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish rejalashtirilgan. Bunda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish borasida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
– tuman va shaharlarning master rejalarini aholi va tadbirkorlar fikrini inobatga olgan holda ishlab chiqish;
– hududning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy va demografik rivojlanishini inobatga olgan holda joylarda qulay muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni yaratish;
– aholi farovonligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi «tayanch ko‘prik»ka aylantirish va boshqalar.