Shu kunlarda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya Vengriya davlatida boʻlib turibdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati xabariga koʻra, tashrifning birinchi kuni Vengriyaning qator kompaniyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi. Ularning yakunlariga koʻra, Vengriya kompaniyalari bilan Surxondaryoda baliqchilik va plastmassani qayta ishlash sohasida umumiy qiymati 37 million yevroga teng boʻlgan yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrifning ikkinchi kuniga moʻljallangan dasturga asosan Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov va Chongrad-Chanad viloyati prezidenti Laslo Salgo oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. Unda hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Kelgusida oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha deklaratsiya imzolandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi va Chongrad-Chanad viloyati Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlik qilish kelishuviga ham erishildi.
Ushbu tashrif Oʻzbekistonning Vengriyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.