Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi

Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi

Yer – cheklangan resurs. U bizning mavjudligimiz asosi, oziq-ovqat, suv, energiya va boshqa hayotiy resurslar manbai. Undan oqilona va adolatli foydalanish kerak.

Ushbu bebaho ne’matdan qanday foydalanishimiz kerak? Yerni odamlar o‘rtasida qanday taqsimlash hamma uchun maksimal foyda keltiradi? Qanday omillarni hisobga olish kerak? Muvaffaqiyatli yer islohotlarini muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan qanday ajratish mumkin? Bu qiyin savollarga javoblar har doim ham oddiy emas.

Shuning uchun ham Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) dunyo mamlakatlari tajribasini o‘rganishga kirishdi.

Biz yerlarni taqsimlashning turli modellarini o‘rganamiz, ularning afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qilamiz va to‘g‘ri tanlov qilishda yordam beradigan tavsiyalarni ishlab chiqamiz.

Misr va Vengriya misolida yer islohotlari

Misrda yer islohotlarining asosiy maqsadi yirik yer egalari qatlamini tugatish edi.

1952-yilda mamlakatda 178-sonli qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, yerga egalik qilish me’yori belgilandi va ijara haqi cheklandi. Shu bilan birga, yirik yer egalari ortiqcha yer uchun davlat zayomlari shaklida kompensatsiya oldi.

Hukumat 5 feddan (2,1 gektar) dan kam yeri bor fermerlar uchun kooperativlarni tashkil etdi.

Natijada, islohot Misrda qishloq aholisi orasida kambag‘allik darajasining 1951-yildagi 56,1 foizdan 1965-yilda 23,8 foizgacha qisqarishiga olib keldi. Bundan tashqari, muhim boylik (inson kapitali) sifatida ko‘rilayotgan ta’lim olish imkoniyati yaxshilandi.

1945-yilda Vengriyada ilgari yirik yer egalariga tegishli bo‘lgan yerlarni bo‘lib berishga qaratilgan islohotlar o‘tkazildi. Yer-mulklarning ekspropriatsiyasi 3 million gektarga yaqin yerni kichik fermerlar va yersiz ishchilarga qayta taqsimlash imkonini berdi.

1966-yilga kelganda, kooperativlar va sovxozlar qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning katta qismini, aniqrog‘i 86 foizini o‘z nazorati ostiga oldi. Biroq, sosialistik islohotlar Vengriyada qishloq xo‘jaligi yerlarida xususiy mulkchilikning butunlay tugatilishiga olib kelmadi.

1991-yilda sobiq yer egalariga vaucher ko‘rinishida to‘lovlar berilishini nazarda tutuvchi kompensatsiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.

Sobiq yer egalariga kompensatsiya ajratilishidan tashqari, yer kooperativlarning yersiz a’zolari, kooperativlar va sovxozlarning ishchilari (xizmatchilari) kabi hozirgi foydalanuvchilar guruhiga taqsimlab berildi.

Juda tarqoq mulkchilik Vengriyadagi yer islohotlarining natijasi bo‘ldi. Nisbatan kichikroq uchastkalar ham ko‘pincha uzun va ingichka yer bo‘laklariga ajratilgandi. Yer ijarasi keng tarqaldi va 2005-yilga kelganda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning 59 foizi ijaraga olindi.

Batafsil