Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Gʻazo sektorida halok boʻlganlar soni 30 mingdan oshgani, halok boʻlganlarning aksariyati ayollar va bolalar ekanligini maʼlum qildi.
“Gʻazoda halok boʻlganlar soni 30 mingdan oshdi, ularning aksariyati ayollar va bolalar”, — deydi JSST rahbari.
Uning qoʻshimcha qilishicha, yana 70 ming kishi tan jarohati olgan. JSST rahbari halok boʻlganlar va jarohatlanganlar haqida maʼlumot manbalarini ochiqlamagan.
Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyod Mansur Xavfsizlik kengashining qurolli mojarolarda tinch aholini himoya qilishga bagʻishlangan yigʻilishida taʼkidlashicha, hozirda Gʻazoda ocharchilik hukm surmoqda va u Isroilning davom etayotgan “jinoiy tajovuz”i tufayli kundan-kunga kuchayib bormoqda
“Biz bir zum toʻxtab, bu aslida nimani anglatishini oʻylab koʻrishimiz kerak”, deydi Riyod Mansur.
Shu oʻrinda u Isroilni Gʻazoda yashovchi 2,3 million falastinlikni jamoaviy jazolash uchun ataylab yaratilgan “bu insoniy va gumanitar falokatning meʼmori” deb aybladi.
Riyod Mansur xalqaro hamjamiyatning harakatsizligidan xavotir bildirib, “bu halokatli ocharchilik va genotsidning sodir boʻlishiga va uzoq vaqt davom etishiga yoʻl qoʻyilgani nafaqat hamma uchun, balki Xavfsizlik Kengashi uchun ham uyatdir”, dedi.
Gʻazo sektoridagi vaziyat 2023-yilning 7-oktyabr kuni keskinlashdi. Bunga Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti tomonidan eʼlon qilingan “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi doirasida Isroil hududiga yuzlab raketalar uchirilgani sabab boʻldi. Shundan soʻng tashkilot jangchilari Isroil janubidagi chegara hududlariga kirib, u yerda ham harbiy, ham tinch aholiga qarata oʻt ochgan, shuningdek, 200 dan ortiq odamni garovga olgan.
Isroil rasmiylarining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, ushbu hujum oqibatida taxminan 1,2 ming kishi halok boʻlgan, bu raqam tinch aholi, askarlar, chet el fuqarolarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari Gʻazo sektorida HAMASga qarshi “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. Bir necha kun ichida isroillik harbiylar Gʻazo bilan chegara yaqinidagi barcha aholi punktlarini nazorat ostiga oldi va chiziqdagi nishonlarga, jumladan, tinch aholiga havo hujumlarini boshladi. Oʻtgan yilning oktyabr oyining oxirida Isroilning anklavdagi operatsiyasining quruqlik bosqichi boshlandi.