500 ta yangi ish oʻrni va 100 foiz eksport

500 ta yangi ish oʻrni va 100 foiz eksport

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida “Xiva klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyatining toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni chuqur qayta ishlab, qoʻshilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, agrosanoatda klasterlar tomonidan zamonaviy korxonalar qurilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda.

“Xiva klaster” ham Xiva tumanida shunday fabrika tashkil etdi. Turkiya, Germaniya va Xitoydan ilgʻor uskunalar keltirib oʻrnatildi. Oʻtgan yil noyabrda ishga tushirilgan korxonada 500 kishining bandligi taʼminlandi.

Korxona yiliga 7 ming tonna ip-kalava, 4 ming tonna trikotaj mato, 10 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatga ega. Eng muhimi, ularning sifati xalqaro standartlarga javob beradi. Shu bois ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻliq eksportga yoʻnaltiriladi. Korxonanning yillik eksport salohiyati 15 million dollar atrofida.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirdi, tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendensiyadan kelib chiqib, bu korxonada ham energiya tejamkorlikka eʼtibor qaratilgan. Masalan, kuz-qish oylarida xonalar ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan issiq suv yordamida isitiladi. Natijada katta miqdoragi tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, majmua tomlariga umumiy quvvati 60 kVt boʻlgan quyosh panellari ham oʻrnatilgan. Bularning hisobiga mahsulot tannarxi raqobatchilarnikiga nisbatan past boʻlmoqda.

Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb oʻrgatish markazi tashkil etilgan. Chiqindilarni qayta ishlab, foydalanish ham yoʻlga qoʻyilgan.

Toʻqimachilik klasteri oʻtgan yili qariyb 20 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirgan. Shundan 1 ming 545 gektarda tomchilab sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan.

Umuman, klaster tomonidan 2018-2023-yillarda 105 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Klaster jami 800 dan ortiq yigit-qiz ishlamoqda. Jumladan, hozirda boshqa korxonalar bilan hamkorlikda yogʻ, sovun, tuxum, sut mahsulotlari, poyabzallar kabi 20 ga yaqin tovarlar ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz mazkur klaster tizimidagi istiqbolli rejalar bilan ham tanishdi. Jumladan, yangi loyihalar hisobiga paxta yetishtirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar olish, kichik hajmli yuk mashinlarini mahalliylashtirish moʻljallangan. Shuningdek, yaqin yillarda chiqindisiz ishlab chiqarishga oʻtish rejalashtirilgan.

Klaster bu istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali 10 mingdan 30 minggacha ish oʻrni yaratishni maqsad qilib olgan.