Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel Moskvaning bu Rossiyaning ichki ishi degan daʼvolariga qaramay, Rossiyadan Aleksey Navalniyning oʻlimi boʻyicha mustaqil va shaffof xalqaro tergov oʻtkazilishiga ruxsat berishni talab qildi.
“Rossiya uning (Navalniy – tahr.) toʻsatdan oʻlimi holatlari boʻyicha mustaqil va shaffof xalqaro tergov oʻtkazilishiga ruxsat berishi kerak”, — deyiladi Borrelning Yevropa Ittifoqi Kengashi veb-saytida eʼlon qilingan bayonotida.
Avvalroq, Jozep Borrel inson huquqlari buzilishi bilan bogʻliq shaxslarni qamrab oluvchi amaldagi sanksiya rejimi nomini oʻzgartirish va uni Aleksey Navalniy nomi bilan atashni taklif qilgan, shuningdek, Rossiya penitensiar tizimi vakillariga nisbatan sanksiyalar joriy etilishini istisno etmagan edi.
Oʻz navbatida, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq Moskva Gʻarb siyosatchilarining Navalniyning oʻlimi haqidagi bayonotlarini nomutanosib va qabul qilib boʻlmas deb bilishini, shifokorlar va sud-tibbiyot ekspertlarining yakuniy maʼlumotlari va bayonotlari haligacha yoʻqligini aytdi.
Federal Jazoni ijro etish xizmatining Yamal departamentiga koʻra, 16-fevral kuni sayrdan soʻng Navalniy oʻzini yomon his qilgan, hushini yoʻqotgan va vafot etgan. RT manbasining dastlabki maʼlumotlariga koʻra, mahkumda qon ivishi kuzatilgan. Oʻlimning aniq sabablari aniqlanmoqda.