Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlarni fuqarolik muomalasiga kiritish bilan bog‘liq holatni tahlil qildi.
2022-2023 yillar davomida “Yerxususiylashtirish” AAT orqali yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan jami 56 988 ta murojaat davlat xizmatlari markazi yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (my.gov.uz) o‘ziga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun taqdim etilgan.
Xususiylashtirish borasidagi murojaatlar 2022-yilda 30 423 ta (jismoniy shaxslardan 29 339 ta (96,4 foiz), yuridik shaxslardan 1 084 ta (3,6 foiz)), 2023-yilda 26 565 ta (jismoniy shaxslardan 25 536 ta (94 foiz), yuridik shaxslardan 1 029 ta (6 foiz)) tashkil etgan.
“Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” orqali 2022-yilda 21 888 ta, 2023-yilda 14 657 ta murojaat (jami – 36 545 ta (64,1 foiz)) yuborilgan bo‘lsa, “Davlat xizmatlari markazi” orqali 2022-yilda 8 535 ta, 2023-yilda 11 908 ta murojaat (jami – 20 443 ta (35,9 foiz)) yuborilgan.
Tahlil natijasida 2022-2023 yillarda respublika bo‘yicha yerlarni xususiylashtirish uchun eng ko‘p murojjat qilgan hududlar aniqlandi. Bular: Xorazm (21,2 mingta), Toshkent (4,6 mingta), Qashqadaryo (4,4 mingta), Surxondaryo va Namangan viloyatlari (3,9 mingta) hamda Toshkent shahri (3,5 mingta).
2022-2023 yillarda vakolatli tashkilotlar tomonidan jami ko‘rib chiqilgan 56 988 ta murojaatga qurilish bo‘limlari 65,1 foiz ijobiy, 34,9 foiz salbiy, kadastr filiallari 44,7 foiz ijobiy, 55,3 foiz salbiy xulosa bergan. Natijada ijobiy xulosalar asosida yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tegishli byudjet va jamg‘armalarga jami 107,8 mlrd. so‘m kelib tushgan.
Boshlang‘ich hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada shaharsozlik jihatidan xususiylashtirishga monelik qilmaydigan yerlarning xususiylashtirilishidan tegishli byudjet va jamg‘armalarga qo‘shimcha 6,63 trln. so‘m mablag‘ni yo‘naltirish imkoniyati mavjud.
Yer auksion savdolarini yanada takomillashtirish uchun quyidagi takliflarni bildirish mumkin:
1. Targ‘ibot va tashviqot ishlarini keng ko‘lamda olib borish hamda aholining katta qismini qamrab olish uchun bu jarayonda tuman (shahar) hokim yordamchilarining ishtirokini kuchaytirish va bunda ijtimoiy tarmoqlardagi kanallardan samarali foydalanish lozim.
2. Yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli yerlarni xususiylashtirib, ularni garovga qo‘yish evaziga bank muassasalaridan kredit mablag‘larini olish imkoniyatini yaratishi, buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 420-sonli qaroriga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi zarur.
Batafsil: (https://mrs.uz/publications/articles-and-abstracts/land_privatization/l=uz)