Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2023-yilning 4-choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi.
Hisob-kitoblar iqtisodiyotda bozorning raqobat dinamikasini aniqlashda keng qo‘llaniladigan HHI (Xerfindal-Xirshman indeksi) konsentratsiya ko‘rsatkichidan foydalangan holda amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun: bozor HHI bo‘yicha raqobat darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi: raqobat darajasi past, o‘rtacha va yuqori. HHI 2500 dan 10000 gacha bo‘lsa, raqobat darajasi past, HHI 1500 dan 2500 gacha bo‘lsa, raqobat darajasi o‘rtacha, HHI 1500 dan past bo‘lsa, raqobat darajasi yuqori.
Aktivlar. 2023-yil yakunidagi holatga ko‘ra, aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 2022-yilning mos davridagiga nisbatan 72 birlikka kamayib, 892 ni tashkil etdi. Ko‘rsatkichning bunday qisqarishi tahlil qilinayotgan davr oralig‘ida O‘zbekiston bank tizimida raqobat darajasi yaxshilanib borayotganidan dalolat beradi.
2023-yilda tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 17 foizga o‘sib, 652 trln. so‘mni tashkil qildi. 2023-yilda “Hayot bank”, “Apeks bank”, “Yangi bank” va “Smart bank” kabi banklar o‘z faoliyatini boshladi va 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, ushbu banklarning bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 0,22 foizga yetdi.
Shu bilan birga, 2023-yilning iyun oyida «Ipoteka bank» aksiyalarining 75 foizi Vengriyaning OTP banki tomonidan sotib olinishi tufayli xususiy banklar va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 2022-yil bilan solishtirganda 10 foiz punktiga o‘sib, 32 foizga yetdi.
Ma’lumot uchun: 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida 2025-yilga borib, bank tizimi aktivlarining umumiy hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar ulushini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Kreditlar. Kredit qo‘yilmalari bo‘yicha hisoblangan HHI 985 birlikni tashkil etdi va 2022-yil bilan taqqoslaganda 92 birlikka yaxshilandi.
Tijorat banklarining jami kreditlar qoldig‘i 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 471,4 trln. so‘m (YAIMga nisbatan 44,1 foiz) ni tashkil etib, 2023-yilning boshidagiga nisbatan qariyb 1,2 barobar oshdi. Milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 2022-yil yakunidagi 22,3 foizdan 2023-yilda 24 foizgacha ko‘tarilgan. Bunda kreditning real foiz stavkasi sezilarli darajada, ya’ni 10 foiz (22,3-12,3 foiz (inflyasiya) dan 15,2 foiz (24-8,8 foiz) gacha ko‘tarilgan.
2023-yilda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 2022-yildagiga nisbatan 47 foizga, yuridik shaxslarga berilgan kreditlar 12 foizga oshgan.
Depozitlar. Tahlil qilinayotgan davrda depozitlar bozori bo‘yicha hisoblangan HHI 761 birlikdan 672 birlikka yaxshilandi. Ushbu davrda jami depozitlarning hajmi qariyb 25 trln. so‘mga oshdi.
Milliy valyutadagi 1 yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2023-yil yakunlariga ko‘ra, 18,4 foizni tashkil qilgan (2022-yilda 17,6 foiz).
Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlarning jami jalb qilingan depozitlardagi ulushi 2023-yilning 1-yanvaridagi 37 foizdan yil yakuniga qadar 49 foizga oshgan.
Bundan tashqari, ushbu davrda davlat ulushi mavjud bo‘lgan eng yirik 3 ta bank («O‘zmilliybank», «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank») ning jami depozitlardagi ulushi 31 foizdan 25 foizgacha qisqargan.
Xulosa qilib aytganda, respublikamiz bank tizimidagi raqobat darajasining ijobiy tomonga o‘zgarishini yil davomida bank bozoriga bir nechta yangi bankning kirib kelishi hamda mavjud xususiy banklarning bozordagi faolligi ortishi bilan izohlash mumkin.