Avvalroq “Bloomberg” agentligi Rossiya rasmiylari norasmiy kanallar orqali AQSH rahbariyatiga Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muloqotga, jumladan, Kiyev uchun bo‘lajak xavfsizlik choralarini muhokama qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Kreml bu xabarini rad etib chiqdi.
«Yo‘q, bu noto‘g‘ri xabar. Bu mutlaqo yolg‘on”, deydi Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
“Bloomberg” agentligining xabar berishicha, Moskva norasmiy kanallar orqali vositachi orqali dekabr oyida Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyorligi haqida “signallar” uzatgan.
Kremlga yaqin agentlik manbalariga ko‘ra, Moskva Ukrainaning neytral maqomi va Kiyevning NATOga qo‘shilmasligi haqidagi talabdan voz kechish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin, biroq Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlar ustidan nazoratni tan olishni talab qiladi.