Varshavada taniqli polshalik sayohatchi, etnograf va oʻlkashunos Leon Barshchevskiyning oʻzbek xalqining XIX asr oxiriga oid tarixiga bagʻishlangan fotokoʻrgazmasi ochildi.
“Dunyo” AA xabariga koʻra, koʻrgazma Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Zigmunt Yan Rumla nomidagi shahar kutubxonasi va Leon Barshchevskiyning nevarasi hamda arxivi egasi Igor Stroyeskiy bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Eslatib oʻtamiz, Leon Barshchevskiy 1876-yildan boshlab Samarqandda 21-yil yashagan. Ushbu yillar davomida oʻzbek xalqining anʼana va urf-odatlarini, oʻsha davrdagi tarixiy voqealarni aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq fotosuratlar olgan.
Koʻrgazma oʻzbek xalqining boy tarixi, madaniyati, anʼanalari, xalq amaliy sanʼati va Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishtirishga bagʻishlangan.
Ochilish marosimida madaniyat markazlari, mahalliy shahar muzeyi rahbariyati va xodimlari, madaniyat va sanʼatshunos olimlar, Polshaning mashhur amaliy sanʼat ustalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Varshavada istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari qatnashdi.
Ishtirokchilar respublikamizning zamonaviy taraqqiyoti, salohiyati va turizm imkoniyatlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdilar.
— Bugun biz Varshavadagi kutubxonada Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan koʻrgazmani ochilish marosimida qatnashdik, — deydi koʻrgazma tashkilotchisi, Leon Barshchevskiyning nabirasi va arxivining egasi Igor Stroyeskiy. — Shuningdek, ushbu koʻrgazmada Oʻzbekiston boʻylab sayohatim davomida olingan fotosuratlar ham oʻrin olgan.
Tadbirga kelganlar Oʻzbekiston tarixi, milliy kiyimlar, jumladan choponlar, soʻzanalar va boshqa muhim eksponatlarni koʻrishlari mumkin.
Tadbir doirasida “Oʻzbekiston kecha va bugun” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Yurtimiz, tarixiy shaharlarimiz, meʼmoriy obidalarimiz haqida namoyish etilgan videofilmlar namoyish etilda, ular ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Sanʼatshunos olimlar, muzey xodimlari, Oʻzbekistonning koʻp asrlik tarixi va madaniyatiga qiziquvchi sanʼat ixlosmandlarining yuqori eʼtiborini jalb etayotgan koʻrgazma 20-fevralgacha davom etadi.