Buxoro viloyati «Tez yordam”ga eng koʻp yolgʻon qo`ng`iroq qilib chaqiriq qilgan hudud hisoblanadi

Buxoro viloyati «Tez yordam”ga eng koʻp yolgʻon qo`ng`iroq qilib chaqiriq qilgan hudud hisoblanadi

Tez tibbiy yordam xizmati sifati, eng avvalo, “103” brigadalarining chaqiriq manziliga oʻz vaqtida yetib borishi bilan belgilanadi.

Biroq baʼzan tibbiy brigada yordamga muhtoj bemorlar oldiga oʻz vaqtida yetib bora olmagan holatlar kuzatiladi. Bunga esa koʻpincha fuqarolar tomonidan boʻladigan yolgʻon chaqiriqlar sabab boʻladi.

— 2024-yilning dastlabki 3 oyida “103” xizmatiga jami 686 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Taqqoslash uchun aytsak, mazkur koʻrsatkich 2023-yilning ayni shu davrida 893 tani tashkil etgan.

Toʻgʻri, yildan yilga bu kabi murojaatlar soni kamayib bormoqda. Biroq gap inson salomatligi haqida ketar ekan ularning bittasi ham koʻp.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2024-yilning yanvar mart oylarida eng koʻp yolgʻon chaqiriq Buxoro viloyatida kuzatilib, bu raqam 137 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda Toshkent shahri qayd etildi — 133 ta. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan 110 ta, Andijon viloyatidan 58 ta va Fargʻona viloyatidan 57 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.

Eng kam yolgʻon chaqiriq Sirdaryo viloyatida roʻyxatga olindi — atigi 1 ta!