“Apple”ning navbatdagi taqdimoti sanasi maʼlum boʻldi

“Apple”ning navbatdagi taqdimoti sanasi maʼlum boʻldi

“Apple” 2024-yilning 26-mart kuni yangi “iPad Air” va “iPad Pro” modellarini taqdim etadi. Bu haqda Xitoyning “Instant Digital” insayderiga tayanib, “MacRumors” xabar bermoqda.

“Instant Digital” tadbir tafsilotlarini oshkor etmadi, shuning uchun “Apple” taqdimotni qaysi formatda oʻtkazishi nomaʼlum. Ehtimol, kompaniya toʻgʻridan-toʻgʻri efirga chiqmaydi, shunchaki oldindan yozib olingan videoni taqdim etadi.

“MacRumors”ning taʼkidlashicha, Xitoyning “IT Home” nashri ham yangi planshetlar taqdimoti sanasi sifatida 26-martni koʻrsatgan.

Oʻz navbatida, “Display Supply Chain Consultants” tahliliy firmasi direktori va insayder Ross Yangning maʼlumotlariga koʻra, yangi “Apple” planshetlarining chiqarilishi aprel oyida boʻlib oʻtishini aytdi.

Bundan tashqari, Yang 2024-yilda “Apple OLED” ekranli birinchi “iPad Pro” va 12,9 dyuymli displeyli “iPad Air”ni chiqarishini tasdiqlagan soʻnggi insayder boʻldi. “Pro” modellari eng yangi M3 chipini oladi, “Air” modellari esa “M2 SoC”ga yangilanadi.