Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti boʻyicha Bosh vazir boshchiligida komissiya tuziladi

Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti boʻyicha Bosh vazir boshchiligida komissiya tuziladi

Prezident raisligida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmoqlarida investitsiyalar va eksportni koʻpaytirish yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Muloqot chogʻida aylanma mablagʻ masalasi, shartnoma qiymatining debitor qarzdorlik sifatida eʼtirof etiladigan chegirma summasi chegarasini koʻtarish, tabiiy yoʻqotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun meva-sabzavotni qadoqlashni yaxshilash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Shuningdek, dehqonlardan mahsulotlarni yigʻib, eksportchilar uchun yetkazib beruvchi taʼminotchilar faoliyatini tartibga solish, importi yuqori boʻlgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun import qilinadigan xom ashyoni bojxona toʻlovidan ozod etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Davlatimiz ushbu masalalar yuzasidan tadbirkorlar bilan batafsil fikr almashib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti boʻyicha Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzilishi belgilandi, eksportni koʻpaytirishda ekin ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini toʻliq qamrab oladigan uch yillik katta dastur qabul qilishga qaror qilindi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarning hisoboti va rejalari tinglandi.