O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko‘lami: baholash natijalari va uni qisqartirish bo‘yicha takliflar

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko‘lami: baholash natijalari va uni qisqartirish bo‘yicha takliflar

O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish jarayonida yashirin iqtisodiyotning ko‘lamini qisqartirish doimo dolzarb masalalar qatorida bo‘lib kelgan. Yashirin iqtisodiyot, o‘zining tabiati bo‘yicha, rasmiy statistikalarda ko‘rsatilmaydigan va davlat nazoratidan chetda qoladigan iqtisodiy faoliyatlar yig‘indisidir. Ushbu iqtisodiyot ko‘lami nafaqat soliq bazasining qisqarishiga, balki ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy noaniqlikning ortishiga ham olib keladi.

Mazkur tadqiqotda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning hajmi Gutmanning monetar usuli yordamida iqtisodiyotdagi naqd pul hajmi hamda iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini inobatga olgan holda baholangan.

Ma’lumot uchun: Gutmanning monetar usuli yashirin iqtisodiyotni baholashda naqd pul talabi yondashuvi hisoblanadi. Naqd pul usullari Kagan (1958), Gutman (1977) va Tanzi (1980, 1983) tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu alohida yondashuv iqtisodchilar orasida bir nechta ko’rsatkichli bir nechta sabablar (MIMIC) usuli yoki elektr energiyasi iste’moli usuli kabi boshqa usullar bilan birgalikda qo’llanilib kelinadi. O’tgan yillar davomida bu yondashuv asosan rivojlangan mamlakatlarda norasmiy iqtisodiyotni baholashda keng qoʻllanilgan, masalan, AQSh uchun Tanzi [1], Norvegiya uchun Shima [2], Norvegiya va Shvetsiya uchun Klovland [3], Italiya uchun Bovi va Kastelluchi [4], Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlari uchun Bovi va Dell’Anno [5] tomonidan qo’llanilgan. Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar Meksika uchun Brambila va Cazzavilan [6], Peru uchun Ernandes [7], Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari uchun Shnayder va Bajada [8], Janubiy Afrika uchun Koloane va Bodhlyera [9], Polsha uchun Dybka va boshqalar [10], Ruminiya uchun Dell’Anno va Davidescu [11], Bolgariya uchun Ahumada va boshqalar [12] va Petranov va boshqalar [13], Malayziya uchun Xon [14].

Yashirin iqtisodiyot ko‘lami. 2005-2022 yillarda yashirin iqtisodiyot hajmi 31 foizdan 53 foizgacha yetgan. 2017 yilda mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar doirasida pul-kredit va valyuta siyosatining erkinlashtirilishi natijasida naqd pul hamda valyuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotda naqd pul hajmining oshishiga ta’sir qilib, yashirin iqtisodiyot ko‘lamini rasmiy iqtisodiyotga nisbatan salkam 59 foizgacha oshishiga olib keldi. Lekin, keyingi yillarda muomaladagi bank plastik kartalari, terminallar, bankomat va infokiosklar sonining sezilarli darajada ko‘payishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblarning rivojlanishi, shuningdek, soliq islohotlarining amalga oshirilishi yashirin iqtisodiyot hajmining 2018 yildagi 55 foizdan 2021 yilda
42 foizgacha kamayishiga xizmat qildi.