Litva hukumati Belarus bilan chegaradagi ikkita chegara nazorat-oʻtkazish punktini yopadi

Litva hukumati Belarus bilan chegaradagi ikkita chegara nazorat-oʻtkazish punktini yopadi

Litva hukumati Ichki ishlar vazirligining Belarus bilan chegaradagi ikkita nazorat-oʻtkazish punkti orqali harakatni toʻxtatish toʻgʻrisidagi taklifini maʼqulladi. Unga koʻra, shu yilning 1-martidan boshlab Raigardas va Lavorishkes oʻtkazish punktlari yopiladi.

Bu nazorat punktlari orqali na piyodalar, na transport vositalari harakatlana olmaydi. Shuningdek, bahordan boshlab Medininkay va Salcininkaydagi nazorat punktlari orqali piyodalar va velosipedchilarning harakati cheklanadi.

Shuningdek, Belarus bilan chegaradagi Keyn temir yoʻl nazorat-oʻtkazish punkti orqali yoʻlovchilarning tushishi va poyezdlarga chiqishini cheklash boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, chegaradan muntazam qatnovchi avtobuslar sonini ikki barobarga qisqartirish taklif qilinmoqda.

Shu yilning 20-fevral kuni Litva Tashqi ishlar vazirligi Rossiya va Belarus bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha kelishuvlarni bekor qilishni taklif qilgani maʼlum boʻldi. Litva Tashqi ishlar vazirligiga koʻra, bu qaror Ukrainaga qarshi davom etayotgan “harbiy tajovuz” bilan bogʻliq.