Kara-Murzaning daragi chiqdi

Kara-Murzaning daragi chiqdi

Avvalroq, rossiyalik muxolifatchi Vladimir Kara-Murza Omskdagi 6-sonli koloniyadan g‘oyib bo‘lgani xabar qilingandi. Endilikda u 7-sonli axloq tuzatish koloniyasidagi bir kamerali xonaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni Kara-Murzaning advokati Mariya Eysmontga yozgan maktubiga tayanib, “Novaya gazeta” xabar berdi.

Qayd etish joizki, bir kamerali xona qamoqda saqlashning eng qattiq shartlaridan hisoblanadi. U barcha koloniyalarda ham mavjud emas.

Kara-Murzaning aytishicha, u 26 yanvar kuni Omskdagi 6-koloniyadaligi paytida ogohlantirishsiz navbatdagi «yomon niyatli qoidabuzarligi» uchun komissiyaga chaqirilgan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uni «O‘rningdan tur» buyrug‘ini bajarmaganlikda ayblashgan. Shundan so‘ng, komissiya uni bir kamerali xonaga o‘tkazishga qaror qilgan.

Endilikda Vladimir Kara-Murza to‘rt oyni bitta kamera tipidagi xonada o‘tkazishi kerak, ammo jazo sanalari o‘zgartirilishi ham mumkin.

Ma’lumot uchun, Vladimir Kara-Murza “siyosiy nafratga asoslangan Rossiya armiyasi haqidagi soxta ma’lumotlarni ommaviy ravishda tarqatgan”likda ayblangan. Ayblovga siyosatchining AQSHning Arizona shtati Vakillar palatasi a’zolari oldidagi nutqi sabab bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kara-Murza Rossiya harbiylari Ukrainadagi turarjoylar, tug‘uruqxonalar, shifoxonalar va maktablarni bombardimon qilayotgani haqida “ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatgan”.

Yevroparlament Putinning tanqidchisini ozod qilishni talab qildi north_east

Yevroparlament Putinning tanqidchisini ozod qilishni talab qildi

Keyinchalik Kara-Murzaga nisbatan davlatga xiyonat va Rossiyada nomaqbul deb tan olingan tashkilot faoliyatini amalga oshirganlik uchun ish ochildi. 2023 yilning 17 aprel kuni siyosatchi 25 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Kara-Murza aybini tan olmadi. Oktyabr oyida u Omskdagi 6-koloniyaga o‘tkazildi. Bu vaqt ichida u bir necha bor jazo kamerasiga yuborilgan. Unga 14 ta rejimni buzganlikda ayblov qo‘yilgan, natijada u doimiy ravishda qoidabuzar deb topilib, jazoni o‘tashning qattiq shartlariga o‘tkazilgan.

«Ular bu jazo kameralarini qiynoq usuli sifatida ishlatadi», deydi muxolifatchining rafiqasi Yevgeniya Kara-Murza.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Rossiyadagi yana bir qamalgan muxolifatchi Aleksey Navalniy Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasidan yo‘qolib qolgan, uning yaqinlari va advokatlari deyarli uch hafta davomida siyosatchi bilan bog‘lana olmagan edi. Keyinchalik u Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi.