Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini himoya qilishda ijtimoiy shartnoma qanday ahamiyatga ega?

Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini himoya qilishda ijtimoiy shartnoma qanday ahamiyatga ega?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari xorijiy tajribalar asosida aholining kam ta’minlangan qatlamlarini himoya qilishda ijtimoiy shartnoma (kelishuv) larning ahamiyatini o‘rganib chiqdi.

2022-yilda BMT Taraqqiyot dasturi va Oksford kambag‘allikni qisqartirish va inson taraqqiyoti tashabbuslari markazi hamkorlikda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,2 mlrd. kishi ko‘p o‘lchamli kambag‘allik mezonlari bo‘yicha kambag‘al hayot kechirmoqda va ularning aksariyati sutkasiga 2,15 AQSH dollaridan kam daromad topayapti.

Xalqaro tajribada Conditional cash transfer (shartli naqd pul o‘tkazish) deb ta’riflanuvchi ijtimoiy kelishuv dasturlari mavjud bo‘lib, odatda kambag‘allikni qisqartirish uchun kam ta’minlangan aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib qo‘llaniladi.

Ijtimoiy kelishuvlar ehtiyojmand aholiga ko‘maklashgan holda inson kapitalini rivojlantirish orqali kelgusi avlod uchun “ijtimoiy lift” vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, ijtimoiy shartnomalar kambag‘allikning gender tafovutini yaxshilashda yordam beradi.

Braziliyada 90-yillardan boshlab “Bolsa Família” dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, kambag‘al uy xo‘jaliklarining bolalari (6 yoshdan 15 yoshgacha) muntazam maktabga qatnasa hamda 6 yoshigacha emlangan bo‘lsagina nafaqa olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Turkiyada ijtimoiy kelishuv mexanizmlarida tibbiyot va ta’lim sohasiga ustuvorlik berilgan. Masalan, kam ta’minlangan onalarga muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish sharti bilan 9 oy davomida bepul tibbiy va moddiy yordam (nafaqa) beriladi. Bundan tashqari, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sharti bilan ota-onalarga tibbiy va pul yordami ko‘rsatiladi. Shuningdek, kambag‘allik tufayli bolalarning maktabga qatnovini ta’minlay olmaydigan oilalarga davomatni to‘liq ta’minlaganida nafaqa beriladi.

Rossiya Federatsiyasi statistika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil davomida mamlakatda 281,8 mingta ijtimoiy shartnoma tuzilib, 981,2 ming nafar fuqaro qamrab olingan. Yil oxirida ijtimoiy shartnoma orqali yordam olganlarning daromadlari o‘rtacha 1,6 baravar oshgan.

O‘zbekistonda ham ehtiyojmand oilalarga 70 dan ortiq turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda. Lekin mazkur jarayonda ijtimoiy yordam va xizmatlardan foydalanuvchilarning aniq mas’uliyati va majburiyati belgilanmagan va barcha xizmatlar to‘liq elektron tarzda ko‘rsatilmaydi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish” bo‘yicha maqsadlar belgilab olingan.

Xulosa sifatida ijtimoiy himoya sohasidagi barcha mexanizmlarni to‘liq qamrab oladigan, tomonlarning huquq va burchlari hamda majburiyatlari belgilab olinadigan, har bir ehtiyojmand oila (yoki fuqaro) bilan individual tuziladigan ijtimoiy shartnoma tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. Shartnomalarni quyidagi yo‘nalishlarda tuzish tavsiya etiladi:
➖ ehtiyojmand oila yoki fuqaro bilan bandlikni ta’minlash sohasida;
➖ kasb-hunar, xorijiy tilni o‘rganish yoki tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish sohasida;
➖ ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatish sohasida.