JSST 2030-yilgacha meningitning uch millionga yaqin holatlari va undan 900 ming oʻlimning oldini olish mumkinligini aytdi

JSST 2030-yilgacha meningitning uch millionga yaqin holatlari va undan 900 ming oʻlimning oldini olish mumkinligini aytdi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Fransiya hukumati hamkorligida tashkil etilgan yuqori darajadagi yigʻilishda jahon yetakchilari tomonidan nogironlikning asosiy sababi boʻlgan meningitni bartaraf etish zarurligini taʼkidlandi. Tadbir Parijda Paralimpiya oʻyinlari arafasida meningit kasalligini bartaraf etish uchun kurashgan mashhur sportchilar koʻmagida boʻlib oʻtdi.

Nigeriyada bakterial meningitning beshta asosiy shtammiga qaratilgan yangi, xavfsiz va yuqori samarali vaksina muvaffaqiyatli joriy qilinganiga asoslanib, dunyo yetakchilari sarmoya talab qiluvchi “2030-yilgacha meningitni tugatish” nomli Global yoʻl xaritasini bajarishni oʻz zimmalariga olishdi. Ushbu innovatsion rejada dunyoning barcha mintaqalarida meningitni aniqlash, nazorat qilish va uni yengish, bu halokatli kasallikdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish masalalari har tomonlama koʻrib chiqiladi.

“Bakterial meningit bilan kasallangan har olti kishidan biri olamdan oʻtishi kuzatiladi va uni yuqtirgan har besh kishidan biri uzoq vaqtga nogiron boʻlib qoladi. Bu holatlarning aksariyatini vaksinalar yordamida oldini olish mumkin”, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus.

“2030-yilgacha meningitni yengish” yoʻl xaritasi kasallikning barcha jihatlariga qarshi kurashish uchun barcha manfaatdor tomonlarga birgalikda ishlash imkonini beruvchi innovatsion yondashuvni ifodalaydi. Agar toʻliq moliyalashtirilsa va amalga oshirilsa, ushbu yoʻl xaritasi 2030-yilga kelib meningitning uch millionga yaqin holatlari va kamida 900 ming oʻlimning oldini olishga yordam beradi. Bu esa oʻn yil ichida 4–10 milliard AQSH dollari miqdoridagi tibbiy xarajatlarni va yana milliardlab bilvosita xarajatlarni tejash imkonini yaratiladi degani.

Jahon sogʻliqni saqlash assambleyasi tomonidan 2020-yilda maʼqullangan yoʻl xaritasi meningitning oldini olish, tashxislash va davolash boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirish boʻyicha bosqichma-bosqich rejani oʻz ichiga oladi. Ushbu maqsadlarga beshta yoʻnalish: epidemiyaning oldini olish va nazorat qilish, diagnostika va davolash, kasallikni epidnazorat qilish, parvarish qilish va qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, axborot-targʻibot ishlari orqali erishiladi.