Germaniya fregati AQSHning uchuvchisiz uchogʻini oʻqqa tutdi

Germaniya fregati AQSHning uchuvchisiz uchogʻini oʻqqa tutdi

Germaniyaning “Gessen” fregati xatolik tufayli AQSHga tegishli uchuvchisiz uchoqqa hujum qilishga uringan. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi vakili “CNN” telekanaliga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan maʼlum qildi.

“Yevropa Ittifoqining muhim suv yoʻlini himoya qilish harakatlari doirasida Qizil dengizda faoliyat yuritayotgan Germaniyaning “Gessen” fregati AQSHning MQ-9 uchuvchisiz uchogʻiga oʻt ochdi”, — deydi Pentagon vakili.

Rasmiyning soʻzlariga koʻra, fregat ittifoqchi dron bilan Yaman husiylarining uchuvchisiz samolyotini adashtirib yuborgan. Uning qoʻshimcha qilishicha, “Gessen” Amerika droniga qanday quroldan oʻq uzgani haqida hozircha maʼlumot yoʻq.

Shu yilning 28-fevral kuni Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Mixael Stempfle nemis fregati xatolik tufayli ittifoqchilarning uchuvchisiz uchogʻiga hujum qilganini, ammo bu muvaffaqiyatsiz boʻlganini aytgandi. Rasmiy ushbu uchoq qaysi ittifoqchi davlatiga tegishli ekanligini ochiqlamagan.