Odam savdosida ayblangan ikki ayol Turkiyada ushlandi

Odam savdosida ayblangan ikki ayol Turkiyada ushlandi

Ular bir necha yildan beri qidiruvda bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, bir necha yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayollar ushlandi.

Qayd qilinishicha, 1985 yilda tug‘ilgan va 2018 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Dilnoza Umarova va 1983 yilda tug‘ilgan, 2017 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan Mavludaxon O‘lmasova 10 yanvar kuni Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

Ushbu shaxslarning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Avvalroq, «Fahsh baronessasi» va «Madam Klod» laqabi bilan tanilgan, O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir doirasida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik Nilufar Mirxonova O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.