Ota-onasi bilan yashaydiganlar oylik daromadi alohida yashovchilarnikidan ko‘pligi aniqlandi

Ota-onasi bilan yashaydiganlar oylik daromadi alohida yashovchilarnikidan ko‘pligi aniqlandi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari milliy qadriyatlarning O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotiga taʼsirini tahlil qildi. Tadqiqotda ota-onaga ehtirom, lafz, bag‘rikenglik, sila-i rahm va boshqa qator milliy qadriyatlarning farovonlik uchun ahamiyati o‘rganilgan.

Institut tahliliga ko‘ra, milliy qadriyatlar iqtisodiy o‘sish va farovonlikka erishishda o‘z taʼsirini ko‘rsatadi. Masalan, tadqiqotda farzandlarning voyaga yetganidan keyin ota-onasi bilan yashashining insoniy va iqtisodiy ahamiyati o‘rganilgan.

“Ota-onalar bilan yashash bu generativlikning ifodasidir. Bu yerda voyaga yetgan farzandlar ota-onalariga hurmat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi, yordam beradi va qo‘llab-quvvatlaydi. Ota-ona bilan yashash oila aʼzolariga g‘amxo‘rlik qilishning uzoq muddatli yechimi bo‘lib, oilalarning farovonlik darajasiga ham taʼsir qiladi”, — deyiladi tadqiqotda.

Tahlil davomida ota-ona bilan birga yashash farzandlarda masʼuliyat hissini oshirib, ularda kasb-hunar o‘rganish, mehnat qilish va ko‘proq daromad topishga intilishni kuchaytirishi taʼkidlangan.

“Nazariyalarga asoslanib, ota-onalar bilan yashash daromadni oshirishda yordam beradi, degan gipoteza shakllantirildi. Ushbu gipotezani isbotlash uchun ota-onalar o‘rtasida (N = 3751) so‘rov o‘tkazildi va hisob-kitoblar amalga oshirildi. Bunda Moslashtirish (Matching) modelidan foydalanildi. Ushbu modelda ota-ona bilan yashashning uy xo‘jaligi daromadiga taʼsiri aniqlandi. Shuningdek, ushbu modelning ishonchliligini tekshirish maqsadida bir qancha testlar o‘tkazildi. Olingan natijalarga ko‘ra, ota-onasi bilan birga yashaydigan fuqarolarning jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi alohida yashovchilarnikiga qaraganda 0,09 foiz bandga yuqori ekanligi aniqlandi. Ushbu natijalar yuqoridagi gipotezani tasdiqlagan holda farzandlarning ota-onalar bilan yashashi ularning daromadiga ijobiy taʼsir qilishini isbotlaydi” — deyiladi tahlilda.

Tadqiqotda o‘rganilgan yana bir qadriyat lafz bo‘lgan. Natijalarga qaraganda, o‘z so‘ziga sodiqlik insonlar o‘rtasidagi ishonchning oshishiga, tadbirkorlik muhitining yaxshilanishiga va iqtisodiy o‘sishni taʼminlanishiga olib keladi.

Yelkadoshlik qadriyati ham ish samaradorligini oshirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishishda yordam berishi aniqlangan.

O‘rganilgan yana bir qadriyat silai rahm — qarindoshlariga g‘amxo‘r va muhabbatliroq bo‘lish, ulardan xabardor olib, moddiy-maʼnaviy qo‘llab–quvvatlashdir. Olingan natijalar mamlakatda hayriya indeksining 1 foizga ortishi aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning 0,2 foiz o‘sishiga olib kelishini ko‘rsatgan.

Tadqiqotga ko‘ra, ona tilini bilish umumiy taʼlimdagi muvaffaqiyatni oshiradi va ikkinchi chet tilini o‘rganishda yordam beradi. Ikkinchi tilni bilish ish haqi ustamalarining oshishiga olib keladi.

Avvalroq o‘zbekistonliklarning psixologik holati bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilgani xabar qilingandi.  So‘rovnomada qatnashgan mamlakat aholisining 71 foizi o‘zining psixologik salomatligini “yaxshi” yoki “juda yaxshi”, 27 foizi “qoniqarli”, bor-yo‘g‘i 2 foizi “yomon” deb baholagan.