Toshkentda toʻyi kuni mashinadan tanasini chiqarib harakatlangan kelin-kuyov javobgarlikka tortildi

Toshkentda toʻyi kuni mashinadan tanasini chiqarib harakatlangan kelin-kuyov javobgarlikka tortildi

Toshkent shahrida toʻy kuni huquqbuzarlik sodir etgan kelin va kuyov javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 25-aprel kuni soat 22:30 larda “Bektemir” toʻyxonasidan “Mercedes-Benz” transport vositasida uyga qaytayotgan kelin harakatlanayotgan mashinaning lyukidan, kuyov esa orqa chap oynasidan tanasini chiqarib, qoidabuzarlik sodir etgan.

Sodir boʻlgan holat yuzasidan shahar IIBB YHXB tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 138-modda (piyodalar va yoʻl harakati boshqa ishtirokchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi) bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, haydovchining avtomashinani boshqarish uchun tegishli hujjatlari boʻlmagani sababli unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 135-moddasi (yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va transport vositasi jarima maydoniga qoʻyilgan.