Ayrim daryolar oʻzanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

Ayrim daryolar oʻzanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi

“Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-14-son, 17.01.2024 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2024-yil 1-maydan:

— Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi;

— Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi;

— daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olish huquqini faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi;

— daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olishni taqiqlash va togʻli yoki togʻoldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.

Moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.

Ekologiya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

— daryo oʻzanlaridan qum-shagʻal materiallarini qazib olishni monitoring qilish va bu borada doimiy reydlar oʻtkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar koʻrib borish;

— daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan barcha subyektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishini qatʼiy nazoratga olish.

2024-yil 1-aprelgacha togʻ va togʻoldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

2024-yil 1-oktyabrgacha davlat kosmik monitoringi doirasida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazish hamda daryo oʻzanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash va tegishli maʼlumotlarni vakolatli organlarga taqdim etish tizimi yaratiladi.

2024-yil 1-iyungacha Chirchiq daryosi oʻzanini ekologik reabilitatsiya qilish boʻyicha kompleks loyiha ishlab chiqiladi.