Oʻzbekiston va Gruziya hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi

Oʻzbekiston va Gruziya hamkorligining istiqbollari muhokama qilindi

Shu yilning 8-aprel kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda amaliy tashrif bilan mehmon boʻlib turgan Gruziya Parlamenti raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda savdo koʻrsatkichlari va hamkorlik loyihalari soni ortib bormoqda. 2023-yilda tovar ayirboshlash 23 foizga oshdi. Muloqot chogʻida, ikkala davlat ham oʻzidagi bor salohiyat va imkoniyatni ishga solish, transport-logistika, bank-moliya, turizm kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chogʻida xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Gruziya xalqlarini anʼanaviy mustahkam doʻstlik rishtalari bogʻlab turishi, madaniy tadbirlarning tez-tez oʻtkazilishi ruhi va anʼanalari jihatidan juda yaqin xalqlar munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Ikki mamlakat oʻrtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash uchun parlamentlar oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish, bu jarayonda parlamentlararo doʻstlik guruhlarining muvofiqlashtiruvchi sifatidagi rolini yanada oshirishga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda gender tenglik, hududlar oʻrtasida aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.