2017-2023 yillarda kimyo mahsulotlari eksporti qariyb 1,5 barobar oshdi

2017-2023 yillarda kimyo mahsulotlari eksporti qariyb 1,5 barobar oshdi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2017-2023 yillarda asosiy turdagi kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’atini tahlil qildi.

2017-2023 yillarda kimyo sanoati xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish va yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bir sharoitda rivojlandi. Ishlab chiqarishning umumiy hajmi qiyosiy narxlarda 1,16 barobar, jumladan, kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish 10,1 foizga, rezina va plastmassa buyumlarni ishlab chiqarish 36,2 foizga oshdi.

Ichki va tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tarkibida eng katta ulushga ega bo‘ldi. Mutlaq hisobda ularni ishlab chiqarish hajmi 23,5 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’ati azotli o‘g‘itlarni ishlab chiqarishda kuzatildi – 29,2 foiz. Kaliyli o‘g‘itlarni ishlab chiqarish 17,9 foizga oshdi.

Azotli o‘g‘itlar segmentida karbamid ishlab chiqarish hajmi 68 foizga, ammiakli selitra ishlab chiqarish hajmi 17,8 foizga oshdi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati va “Farg‘onaazot” AJ ushbu turdagi mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi mavqeini saqlab qoldi. Respublikada ishlab chiqarilayotgan karbamid va ammiakli selitraning 75 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, kimyo majmuasi korxonalari ishlab chiqarishning yangi turlari o‘zlashtirilishini hisobga olgan holda 180 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqarmoqda.

Kimyo sanoati rivojlanishidagi ilgari siljish gaz-kimyo ishlab chiqarishining rivojlanishi va shunga mos ravishda polietilen, polipropilen va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning o‘sishi bilan belgilanadi. Akril va vinil polimerlar asosidagi bo‘yoqlarni ishlab chiqarishda 1,49 barobar ko‘p o‘sish sur’atiga erishildi. Maishiy kimyo bozori jadal rivojlandi.

Tahlil qilinayotgan davrda kimyo mahsulotlari eksporti qariyb 1,5 barobar oshdi. Agar 2017-yilda eksport hajmi 883,7 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 1,3 milliard dollardan oshib ketdi. Bugungi kunga qadar kimyo mahsulotlari dunyoning 30 dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kimyo sanoatini yanada yuksaltirish va uning mamlakat sanoatini rivojlantirishdagi rolini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilangan:
➖ Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida yirik kimyo va polimer klasterlarini tashkil etish, ular doirasida 9,9 milliard dollarlik xorijiy investisiyalarni jalb qilish hisobiga 44 ta investisiya loyihasini amalga oshirish;
➖ import o‘rnini bosuvchi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega 30 dan ortiq yangi tovarlarni o‘zlashtirish bilan Toshkent viloyatida Chirchiq kimyo-sanoat texnologiyalar parkini rivojlantirish;
➖ kamida 2 milliard AQSH dollariga teng birlamchi xomashyo va kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 20 foizga oshirish hisobiga ishlab chiqarishning ko‘p bosqichli zanjiriga ega yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish;
➖ ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash, kimyo majmuasida innovatsiyalarni ommalashtirish uchun ilmiy-ishlab chiqarish va o‘quv klasterini yaratish.