2017-2023 yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida ro‘y bergan institusional o‘zgarishlar va qabul qilingan qonunlarning amaldagi ijrosi tahlil qilindi

2017-2023 yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida  ro‘y bergan institusional o‘zgarishlar va qabul qilingan qonunlarning amaldagi ijrosi tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasida ro‘y bergan institusional o‘zgarishlar va qabul qilingan qonunlarning amaldagi ijrosini tahlil qildi.

O‘rta ta’limda: 2018-yilning 8-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror respublikamizda jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan baholash amaliyotining tatbiq etilishi uchun huquqiy asos yaratdi.

2019-yilda BMTning bolalar jamg‘armasi – UNICEF bilan hamkorlikda 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish, matematika, tabiiy-ilmiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan baholash natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra o‘quvchilar:

– tabiiy-ilmiy yo‘nalishda demokratik jamiyat, fuqarolarning huquq va burchlari tushunchasiga (71,1 foiz), matematika yo‘nalishida tenglama va tengsizliklarni yechish ko‘nikmasiga (67,2 foiz) egaligi bo‘yicha eng yuqori ball to‘pladi;

– tabiiy-ilmiy (tarixiy sanalar, atrof-muhit, inson salomatligi va xavfsizligi, ekologiya), matematika (hisoblash va tenglamalar) hamda matnni o‘qish (berilgan aniq ma’lumotlarni topish) yo‘nalishlaridagi savollarga javoblar bo‘yicha jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkich (55 foiz) dan yuqori natijaga erishdi.

2022-yilda USAID bilan hamkorlikda 3-sinf va 5-sinf o‘quvchilarining o‘qish va matematika bo‘yicha (EGRA) ko‘nikmalarini baholash natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, o‘rta ta’limning sifati (5-sinf o‘quvchilarining natijalari) boshlangich ta’lim (3-sinf o‘quvchilarining natijalariga qaraganda) sifatidan ortda qolayotgani, maktabga muntazam qatnovchi o‘quvchilarning natijalari vaqti-vaqti bilan dars qoldiruvchi o‘quvchilarnikidan yuqoriligi aniqlandi.

2022-yilda 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy-ilmiy fanlar bo‘yicha savodxonlik ko‘nikmalari (PISA) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda baholandi va 2023-yilda natijalar e’lon qilindi.

O‘rta ta’limning 3-, 6-, 7- va 10-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar baholash natijalari asosida, baholash jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni hisobga olgan holda qaytadan chop qilindi.

Oliy ta’lim tizimida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni tizimni isloh qilish uchun huquqiy asos yaratdi. Natijada 2017-2023 yillar oralig‘ida:

– «QS World University Rankings»da eng yaxshi mingtalikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari soni 3 tadan 9 taga;
– Jami xorijiy oliy ta’lim muassasalarining soni 7 tadan 30 taga;
– xususiy oliy ta’lim muassasalari soni 66 taga;
– hududlar kesimida eng kam oliy ta’lim muassasalari soni 1 tadan 3 taga yetdi.

Shuningdek, aholining barcha qatlamlarini oliy ta’lim xizmatlari bilan qamrab olish uchun alohida kvotalar ajratildi. Yoshlarni (18-22 yoshdagi aholini) oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 41 foizga oshdi.

Ta’lim tizimi va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida bir qator tadbirlar belgilangan. Jumladan:
➖ Olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta maktabga bolalarning qatnashi uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish;
➖ Nodavlat umumta’lim tashkilotlari sonini 1000 taga yetkazish;
➖ 2024 yildan boshlab har yili davlat-xususiy sheriklik asosida 100 tadan maktab qurilishi bo‘yicha shartnomalar tuzish;
➖ Dunyodagi 500 ta yetakchi universitet bilan hamkorlikda “ikki diplomli tizim”ni kengaytirish shular jumlasidan.