Individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish rejasini shakllantirish tartibi belgilandi

Individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish rejasini shakllantirish tartibi belgilandi

Hukumat qarori (123-son, 11.03.2024 y) bilan “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni eʼtirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi.

Unga koʻra, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash, ularning yashash sharoitlarini baholash, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar reyestriga kiritish, individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish rejasini shakllantirish hamda koʻrsatilgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning samaradorligini monitoring qilish tartibi belgilandi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mahallalardagi ijtimoiy xodimi, patronaj hamshira va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni doimiy aniqlash ishlarini amalga oshiradi va bunday shaxslarni Reyestrga kiritish boʻyicha “Inson” markaziga soʻrovnoma kiritadi.

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar quyidagi tartibda aniqlanadi:

— mahalladagi ijtimoiy xodim, patronaj hamshira va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi tomonidan xizmat vazifalarini amalga oshirish, jumladan, uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan soʻrovnomaga asosan;

— yozma, ogʻzaki yoki elektron shaklda “Ijtimoiy himoya” ATga yuborilgan keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillarining yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan.