Mahallasida birorta ishsiz qolmagan rais Qashqadaryoning “Eng namunali mahalla raisi” boʻldi

Mahallasida birorta ishsiz qolmagan rais Qashqadaryoning “Eng namunali mahalla raisi” boʻldi

Qashqadaryo viloyat musiqali-drama teatrida “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, mamlakatimizda bu yil ilk marotaba “Eng namunali mahalla raisi” tanlovi oʻtkazilmoqda. Uning Qashqadaryo viloyati bosqichida 16 nafar nomzod gʻoliblik uchun bellashdi. Bu bosqichda ishtirokchilar uchta shart — amalga oshirilgan ishlar taqdimoti, sohaga oid qonun hujjatlari boʻyicha savol-javoblar hamda muammoli vaziyatlarga yechim topish boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etishdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Koson tumanidagi “Regzor” MFY raisi Hamza Oʻrinov 1-oʻrinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻrin Kitob tumanidagi “Nurafshon” MFY raisi Alisher Rasulovga, uchinchi oʻrin esa Shahrisabz tumanidagi “Qutchi” MFY raisi Gulchehra Imomovaga nasib etdi. Koʻrik-tanlovning gʻolib va sovrindorlari hamda faol ishtirokchilariga diplomlar, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Bugun mahalla masʼullari oldiga qoʻyilgan eng muhim talablardan biri bandlik masalasi hisoblanadi, — deydi tanlov gʻolibi Hamza Oʻrinov. — Soʻnggi uch-toʻrt yil ichida mahallamiz faollari bilan birgalikda ish bilan band boʻlmagan fuqarolarimizning hududdagi yirik sanoat korxonalariga ishga joylashishiga koʻmaklashdik. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlarimiz ham salmoqli boʻldi. Natijada ayni paytda mahallamizda birorta ham ishsiz fuqaro qolmadi. Aynan shu sohada amalga oshirgan ishlarimiz taqdimoti bugungi tanlov gʻolibligini qoʻlga kiritishimda ham asosiy omil boʻldi, desam xato boʻlmaydi.

Tanlovda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi.