Yana bir dori bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgani rostmi?

Yana bir dori bolalar o‘limiga sabab bo‘layotgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Antistrumіn-Darnitsya” preparatining surati va mazkur dori vositasidan O‘zbekistonda bolalar nobud bo‘lgani aytilgan ovozli yozuv tarqalmoqda. «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi holat yuzasidan munosabat bildirdi. 

Unga ko‘ra, ushbu yozuvda aytilgan ma’lumotlar asossiz, ya’ni bu preparatdan bolalar nobud bo‘lmagan. Shuningdek, “Antistrumіn-Darnitsya” dori vositasi O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani hamda tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga ruxsat etilmagani bildirilgan.

“Mamlakatimizda dori vositasi tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishi uchun qonunchilikka muvofiq, qoida tariqasida dastlab davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi zarur”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur jarayonda dori vositasining tegishli hujjatlari o‘rganilib, markaz laboratoriyalari tomonidan uning sifati, xavfsizligi va samaradorligi tasdiqlanadi va ijobiy xulosalar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani aniqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. Mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.