O‘zbekiston ta’lim sohasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha qanday natijalarga erishmoqda?

O‘zbekiston ta’lim sohasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha qanday natijalarga erishmoqda?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekiston 2017-2022 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)dan biri – “Umumqamrovli va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda barchaga butun umri davomida ta’lim olish imkoniyatini rag‘batlantirish” bo‘yicha qanday natijalarga erishganini tahlil qildi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingiga muvofiq O‘zbekiston 2023-yilda 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi va 2022-yil bilan taqqoslaganda o‘z o‘rnini 8 pog‘onaga yaxshiladi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlarning yaxshilanishi reytingdagi holatning yaxshilanishini ta’minladi. Ulardan biri “Sifatli ta’lim bilan ta’minlash” maqsadi (4-maqsad) bo‘lib, u o‘z ichiga 9 ta vazifa hamda 6 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi. 4-maqsadning quyidagi ko‘rsatkichlari o‘sishi natijasida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi:

Uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro dastur – Multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS) doirasida olib borilgan tadqiqotlar sog‘lig‘i, ta’lim olishi va psixologik ijtimoiy farovonligi nuqtai nazaridan yaxshi rivojlanayotgan 3-5 yosh oralig‘idagi bolalar ulushi 82,6 foizni tashkil etishini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich BMTga a’zo mamlakatlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga mos keladi.

2018-2022 yillarda bolalarning boshlang‘ich ta’limga bir yillik tayyorlov jarayonida ishtirok etishi 2 barobar yaxshilandi va 2022-yilda 84,2 foizni, jumladan, qizlarning ishtiroki 83,4 foizni, o‘g‘il bolalarning ishtiroki 85,0 foizni tashkil qildi.

2018-2022 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda malakali yoshlar va katta yoshdagilarning ulushi sezilarli darajada ortdi. Xususan:
elektron jadvalda asosiy arifmetik formulalardan foydalanishda 10,5 foizdan 14,7 foizga;
taqdimot dasturi yordamida elektron taqdimotlarni (jumladan tasvirli, ovozli, video yoki diagrammali) yaratishda 6,7 foizdan 7,8 foizga.

Ta’lim tizimidagi farovonlikni o‘rganadigan paritet indeksini hisoblashda eng kam daromadli uy xo‘jaliklari orasida (1 kvintil bo‘yicha) indeksning 0,92 dan 1,03 gacha ijobiy o‘sishi qayd etildi.

2018-2022 yillarda ta’lim jarayonida zarur vositalar bilan ta’minlangan maktablar ulushi ham ortdi. Masalan:

ta’lim maqsadlari uchun internetdan foydalana oluvchi maktablar ulushi 86,3 foizdan 94,6 foizga;
kompyuterlar bilan ta’minlangan maktablar ulushi 87,3 foizdan 97,7 foizga;
jismoniy imkoniyatlari cheklangan o‘quvchilar uchun moslashtirilgan infratuzilma va materiallarga ega maktablar ulushi 26,5 foizdan 49,8 foizga ko‘paydi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim darajasi bo‘yicha eng kam talab qilinadigan malakaga ega o‘qituvchilar ulushi 95,6 foizdan 96,1 foizga yetdi.

4-maqsadning bajarilishi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlari bilan uzviy ravishda bog‘liq bo‘lib, unda mamlakatda ta’lim sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilgan va quyidagi vazifalar belgilangan:
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta’minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligi ko‘nikmalarini shakllantirish;
yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1000 ta multimedia dasturini yaratish;
barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini joriy etish;
nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 1000 taga yetkazish;
14 ta hududiy professional tayyorgarlik markazini tashkil etish, malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar ulushini 50 foizga, masofaviy yoki aralash shakllarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushini 30 foizga yetkazish va sifatli ta’limga erishish uchun boshqa muhim choralarni amalga oshirish.