Angliya banki qanday qilib inflyatsiyani ikki barobar pasaytirishga erishdi?

Angliya banki qanday qilib inflyatsiyani ikki barobar pasaytirishga erishdi?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Angliya banki inflyasiyani qanday qilib ikki barobar pasaytirishga erishganini o‘rganib chiqdi.

Buyuk Britaniyada inflyasiyaning 2,3 barobar sekinlashishida 3 ta asosiy omil muhim rol o‘ynadi:
1. Angliya bankining pul-kredit siyosati samaradorligi;
2. Energiya regulyatorining energiya narxlari bo‘yicha siyosati hamda manzilli subsidiya tizimi;
3. Jahonda energiya va oziq-ovqat narxlarining barqarorlashishi.

2023-yilning noyabr oyida Buyuk Britaniyada yillik inflyasiya darajasi 4,6 foizgacha pasaydi. Bu esa so‘nggi ikki yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 2022-yilning mos davrida inflyasiya darajasi 10,5 foizni tashkil qilgandi.

2023-yil davomida Angliya banki iqtisodiyotda talabni sovitish va narxlar oshishini sekinlashtirish maqsadida asosiy stavkasini ketma-ket 5 marta ko‘tardi. 2023-yilning fevral oyida asosiy stavka 3,5 foizdan 4,0 foizga oshirilgan bo‘lsa, mart oyida 4,25 foizga, may oyida 4,5 foizga, iyun oyida 5 foizga va avgust oyida 5,25 foizgacha ko‘tarildi.

Hozirga qadar asosiy stavka 5,25 foiz darajasida saqlanib turibdi. Bu esa so‘nggi 15 yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Asosiy stavkaning ko‘tarilishi natijasida moliya bozorlarida foiz stavkalarining ko‘tarilishi moliyaviy vositalardan (masalan, depozitlar) keladigan daromadlarning oshishiga olib keldi va odamlarni sarflash o‘rniga ko‘proq jamg‘arishga undadi. Bu esa tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talabni kamaytirdi.

Iste’mol va ipoteka kreditlari bo‘yicha yuqori foiz stavkasi odamlar va kompaniyalar kamroq qarz olishi va xarajatlar ehtimolini kamaytirdi va natijada iqtisodiy faoliyatning sekinlashishi talab inflyasiyasini kamaytirdi.

Foiz stavkasining ko‘tarilishi hamda talabning kamayishi importga bo‘lgan bosimni kamaytirib, valyuta kursining mustahkamlanishiga olib keldi. Bu esa o‘z navbatida import qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxini pasaytirib, inflyasiyaning ham pasayishiga xizmat qildi.

Gaz va elektr energiyasi bozori bo‘yicha boshqarma (The Office of Gas and Electricity Markets – Ofgam) energiya yetkazib beruvchilar tomonidan har bir gaz va elektr energiyasi birligidan undiriladigan maksimal miqdorni chekladi. Bu esa energiya bozoridagi o‘zgarishlarni aks ettirishi uchun chegarani har chorakda qayta ko‘rib chiqishni taqazo etadi. Chegara global energiya bozoridagi o‘zgarishlarga qarab ko‘tarilishi yoki pasaytirilishi mumkin.

Ofgam tomonidan energiyaga qo‘yilgan narx chegarasi 2022-yilning fevral oyidan boshlab keyingi davr uchun 1877 funt sterlingga (54 foizga) oshdi. 2022-yilning 4-choragida energiya narxlari keskin darajada oshganligi sababli ushbu ko‘rsatkich 3371 funt sterlinggacha (80 foizga) ko‘tarildi.

Shuningdek, 2022-yilning oktyabr oyidan 2023-yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda Energiya to‘lovlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi (Energy Bill Support Scheme) doirasida uy-xo‘jaliklariga energiya xarajatlarining ma’lum qismini qoplash uchun manzilli ravishda 400 funt sterling miqdorida mablag‘ ajratildi.

Inflyasiya darajasini pasaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun tegishli choralarning ko‘rilishi natijasida 2023-yilining oxirlariga kelib inflyasiya darajasi ikki barobardan ko‘proqqa pasaydi.