Atigi ikki yil davomida pandemiya umr ko‘rish davomiyligini ko‘tarish bo‘yicha qariyb o‘n yillik yutuqlarni yo‘qqa chiqardi. 2019 – 2021 yillar davomida butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha umr ko‘rish 1,8 yilga qisqardi va 71,4 yoshni tashkil etdi (yaʼni 2012 yilgi natijaga qaytdi). Xuddi shunday, 2021 yilda global sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi 1,5 yilga qisqarib, 61,9 yoshni tashkil qildi (2012 yil darajasiga qaytdi).
2024 yil hisobotida, shuningdek, pandemiyaning taʼsiri butun dunyo bo‘ylab notekis sezilayotgani taʼkilanadi. JSSTning Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari, ayniqsa, ko‘p jabr ko‘rdi. 2019 – 2021 yillar oralig‘ida o‘rtacha umr ko‘rish taxminan 3 yilga, sog‘lom umr ko‘rish esa 2,5 yilga qisqardi. Bundan farqli o‘laroq, G‘arbiy Tinch okeani mintaqasiga pandemiyaning dastlabki ikki yili eng kam taʼsir ko‘rsatdi, o‘rtacha umr ko‘rish 0,1 yildan kamroqqa, sog‘lom umr ko‘rish esa 0,2 yildan kam bo‘lgan ko‘rsatkichga qisqardi.
COVID-19 tez surʼatda o‘limning asosiy sababiga aylandi va 2020 yilda dunyoda o‘limning uchinchi, 2021 yilda esa o‘limning ikkinchi sababi bo‘ldi. Bu davr davomida u deyarli 13 million odamni dunyodan olib ketdi. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Afrika va G‘arbiy Tinch okeani mintaqalarini inobatga olmaganda, COVID-19 ushbu ikki yil ichida dunyodagi o‘limning asosiy beshta sabablaridan biri bo‘ldi va Amerika mintaqasida o‘limning yetakchi sababiga aylandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida pandemiyadan oldin o‘limning asosiy sabablari yurak-qon tomir kasalliklari va insult, saraton, surunkali obstruktiv o‘pka xastaligi, Alsgeymer va boshqa turdagi demensiya, shuningdek, qandli diabet kabi noinfeksion kasalliklar bo‘lgani va 2019 yilda ular barcha o‘limlarning 74 foizini tashkil etgani taʼkidlangan.