Oʻzbekiston elchisi Ashraf Xoʻjayev “Qatar Airways” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Badr Muhammad Al-Miyr bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida davlatlararo toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, kargo tashuvlarini amalga oshirish, zamonaviy aviaxizmatlar sohasida tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.
Badr Muhammad Al-Miyr Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasida ikki tomonlama doʻstona aloqalar jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlab, ushbu munosabatlarni shakllantirishda davlatlarni bogʻlab turadigan aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish juda muhim ekanligiga eʼtibor qaratdi.
“Rejalarimiz va umidlarimiz ulkan. Dastlab haftasiga 4-marta, keyinchalik esa kunlik ravishda havo qatnovlarini amalga oshirishni rejalashtirganmiz”, — deya taʼkidlagan u.
Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar orqali oʻzaro turistlar oqimi va ikki tomonlama savdo hajmlari ham oshib borishi urgʻulandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar shu yilning 2-iyun kuni Doxa—Toshkent—Doxa aviaqatnovining tantanali ochilish marosimini oʻtkazishga kelishib oldilar.