Yevropa halokatli virus tarqalishidan ogohlantirildi

Yevropa halokatli virus tarqalishidan ogohlantirildi

Italiyalik Yevropa Parlamenti aʼzosi Janantonio da Re Yevropada halokatli Gʻarbiy Nil virusi tarqalishidan ogohlantirdi. Bu haqda uning Yevrokomissiyaga murojaatida qayd etilgan.

«Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasining soʻnggi hisobotidagi statistik maʼlumotlarga koʻra, Yevropa Ittifoqida Gʻarbiy Nil virusi bilan kasallanish holatlari keskin oshgan. Xususan, 2022-yilda Yevropada u bilan eng yuqori kasallanish darajasi etildi —1133 ta holat. Bu 2021-yilga nisbatan qariyb yetti baravar koʻp», — deyiladi murojaatda.

Shu munosabat bilan deputat Yevrokomissiya qoʻyidagi savollarni yoʻlladi: Yevrokomissiya Gʻarbiy Nil virusining Yevropada tez tarqalishidan xabardormi? U qanday qilib virusning tarqalishiga qarshi kurashmoqchi?

Janantonio da Re aytishicha, virusning oʻlim va kasalxonaga yotqizish darajasi sezilarli darajada yuqori. Barcha yuqtirganlarning qariyb 87 foizi kasalxonaga yotqizilgan. U bilan zararlanganlardan 92 nafari hayotdan koʻz yumgan.

Avvalroq, Rossiyada ham Gʻarbiy Nil virusi bilan kasallanish holati aniqlangandi.

Gʻarbiy Nil virusi oʻtkir, toʻliq oʻrganilmagan isitmani keltirib chiqaradi. U chivinlar tomonidan yuqadi. Isitma asosan tropik va subtropik mintaqalarda keng tarqalgan, ammo soʻnggi paytlarda dunyoning tropik boʻlmagan mintaqalarida tobora koʻp holatlar qayd etilmoqda.