2023 yilning 28 dekabr kuni Samarqand viloyati prokuraturasi xotira sig‘imi 1 TB bo‘lgan 21 ta iPhone 14 Pro Max hamda 1 dona iPhone 15 Pro Max smartfonini sotib olgan. Bu haqda Davlat xaridlari portalida ma’lumot keltirilgan.
Shartnomada ko‘rsatilishicha, 21 ta smartfonning har biri 19 mln 999 ming so‘mdan, jami 419 mln 979 ming so‘mga, iPhone 15 Pro Max esa 25,3 mln so‘mga xarid qilingan. Majburiy ijro byurosi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati prokuraturasining umumiy miqdorda 10 mlrd 505 mln so‘m qarzi bor. Deyarli barcha qarzlar jinoyat natijasida yetkazilgan zararni undirish bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, yana bir qator davlat tashkilotlari Davlat xaridlari elektron portali orqali qimmatbaho rusumdagi mobil telefonlar sotib olgan yoki sotib olish jarayonida:
- Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tibbiyot birlashmasi – 14, 4 mln so‘mga bitta iPhone 14 Pro Max;
- Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi – 24,7 mln so‘mga ikkita Galaxy S23 Ultra;
- Prezident matbuot xizmati huzuridagi Media markaz – 45,4 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max va Apple AirPods 3 simsiz quloqchinlari, 39,57 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max, 40 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max (oxirgi ikki lot bekor qilingan yoki bekor qilinish jarayonida);
- O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) – 69,7 mln so‘mga 5 ta iPhone 14 Pro;
- Kinematografiya agentligi – 10 mln so‘mga bitta Galaxy S22 Ultra, 19,8 mln so‘mga ikkita Galaxy S22 Ultra, va 15,8 mln so‘mga bitta iPhone 15 Pro;
- Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi – 51 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max;
- Xorazm viloyati “Yoshlar daftari” jamg‘armasi – 16,9 mln so‘mga iPhone 15 Pro Max va DJI Osmo Mobile 6 stabilizatori;
- Surxondaryo Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti – 30,6 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro;
- Buxoro viloyati hokimligi – 18 mln so‘mga bitta iPhone 14 Pro Max;
- Ilmiy-texnikaviy va tibbiy hujjatlar Markaziy davlat arxivi – 17,1 mln so‘mga bitta iPhone 15 Pro Max;
- Toshkent viloyatidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi – 17,8 mln so‘mga bitta iPhone 14 Pro smartfonlarini sotib olish uchun buyurtma bergan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston 2023 yilni 59 trln so‘mlik davlat byudjeti defitsiti (xarajatlarning daromadlardan oshib ketishi) bilan yakunlagan edi. 2024 yilning birinchi choragida esa byudjet defitsiti qariyb 20 trln so‘mga yetdi. O‘zbekistonning davlat qarzi 2023 yil yakunlariga ko‘ra, 35 milliard dollarga yaqinlashgan.