Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi respublika ishchi guruhi xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarning borishi bilan tanishish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida boʻldi.
“Birlik” MFYda xonadonma-xonadon yurib, ishsiz xotin-qizlar, ularning bandligini taʼminlashga oid ehtiyojlari, imkoniyatlari, tadbirkorlikka qiziqishi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlarning dastlabki natijalari tahlil qilindi. Oʻrganish jarayonining oʻzida 54 nafar ayolning bandligi taʼminlangani, 11 nafariga kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinganligi aytib oʻtildi.
616 ta xonadonga ega mahallaning drayveri issiqxonachilik boʻlib, 90 foizdan ziyod xonadon aynan shu yoʻnalish orqali daromad topadi. Oʻtgan yilda mahalladagi issiqxonalarda yetishtirilgan 30 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportga chiqarilgan.
Mahalla yettiligi bilan kechgan suhbat jarayonida kambagʻallikni qisqartirish, buning uchun oilaviy tadbirkorlikni, tomorqachilikni, mahallada xizmat koʻrsatish sohalarini yanada rivojlantirish, ayniqsa xotin-qizlar orasida qoʻshimcha kasblarga oʻqitish va ish bilan taʼminlash orqali norasmiy bandlik ulushini kamaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yettilikning oʻzaro hamkorligi, masalalarni birgalikda bir tizim boʻlib, hal etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Xususan, Senat Raisi nafaqat ishga ehtiyoji bor xotin-qizlar, balki iqtisodiy ahvoli yaxshi, lekin ishlash istagida boʻlgan ayollarning ham bandligini taʼminlash kerakligini aytib oʻtdi. Shuningdek, masalaga har bir mahallaning oʻziga xosligi va drayver sohalaridan kelib chiqib yondashish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerning oʻzida xatlov jarayonida aniqlangan ehtiyojmand ayollar bilan ham muloqot oʻtkazildi. Ayni paytda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga yaratilayotgan sharoitlar, taʼlim olishi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari uchun berilayotgan imtiyozlar haqida batafsil tushuncha berildi. Tikuvchilik hunari boʻlgan 9 nafar ayolga oʻzini-oʻzi ish bilan band qilib, oilasiga qoʻshimcha daromad keltirish imkoniyatini yaratish maqsadida tikuv mashinalari taqdim etildi.
Shundan soʻng “Birlik” mahallasida tomorqachilik orqasidan yaxshigina daromad koʻrayotgan oilalar xonadonlariga tashrif buyurildi. Tursunova Nasibaxon xonadonining 10 sotix maydonida issiqxona tashkil etib, birinchi mavsumda bodring, ikkinchi mavsumda esa pomidor yetishtirib, 140 mln soʻm daromad koʻrmoqda.
Mahalladagi boshqa bir xonadon sohibasi Xalikulova Maxbuba 25 sotix issiqxonada koʻchatchilikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, bu yil oʻrtacha 500 mln soʻm daromad koʻrishni reja qilgan.
Xonadon egalari bilan suhbat chogʻida mahallada tomorqasidan yetarli foydalana olmayotgan oilalarga ham dastlabki bosqichda tomorqachilik sir-asrorlarini oʻrgatish, tajribalarini ommalashtirish yuzasidan takliflar berildi.
Tumanning “Obihayot” MFY aholisi asosan oʻz tomorqalarida oilaviy korxona tashkil etib, intensiv usulda baliq yetishtirish bilan shugʻullanishadi. Senat Raisi mahallada “Arnasoy choʻrtani” va “Kushfar fish” oilaviy korxonalarini tashkil etgan aholi xonadonlarida boʻldi.
Ushbu xoʻjaliklar egalari baliqni uvuldiriq holatidan aholi dasturxoniga yetib borgunga qadar boʻlgan jarayongacha yetishtirishni yoʻlga qoʻygan. Tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan suhbat jarayonida faoliyatni kengaytirishlari, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishlari uchun imtiyozli bank kreditlari ajratiladigan boʻldi.