Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat keskin kuchayganidan xavotir bildirdi va tomonlarni bosiqlikka chaqirdi. Bu haqda TIVning Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha bayonotida aytiladi.
“Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat keskin kuchayib borayotganidan chuqur xavotir bildiradi hamda tomonlarni bosiqlik ko‘rsatishga va barcha kelishmovchiliklarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qozog‘iston xalqaro hamjamiyatning mintaqadagi vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.
Avvalroq Qozog‘iston aviatsiya boshqarmasi og‘ir siyosiy vaziyat tufayli respublika aviakompaniyalariga Misr, Isroil, Iordaniya, Iroq, Eron, Livan va Suriya havo hududidan foydalanmaslikni tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron bugun, 14 aprelga o‘tar kechasi Isroilga yuzdan ortiq uchuvchisiz dron va o‘nlab raketalarni uchirgandi. Isroil armiyasi raketa va dronlarning aksariyati urib tushirilganini aytgan bir paytda, Tehron ular Isroil nishonlarini «muvaffaqiyatli yo‘q qilganliklarini» bildirdi. Eron hujumi ortidan BMT Xavfsizlik Kengashi va G7 mamllakatlari yetakchilari vaziyatni muhokama qilishi ma’lum qilindi.