Avstraliya politsiyasi kecha, 13 aprel kuni Sidneydagi savdo markaziga tashrif buyuruvchilarga uyushtirilgan hujumning terrorchilik sabablarini istisno qildi. 40 yoshli hujumchi ruhiy kasal bo‘lib, uning g‘oyaviy yoki boshqa maqsadi bo‘lmagan. Bu haqda shtat politsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Entoni Kuk bugun, 14 aprel bayonot berdi.
«Ayni paytda biz sodir bo‘lgan voqea hujumchining ruhiy holati bilan bog‘liq degan xulosaga kelyapmiz», dedi u.
Kukning aytishicha, politsiya mart oyida Kvinslenddan Yangi Janubiy Uelsga ko‘chib o‘tgan va Sidneydagi kichik omborxonadan foydalangan hujumchining oilasi bilan gaplashgan. Ushbu binoda allaqachon tintuv o‘tkazilgan.
Sidneydagi hujum qurbonlari
Kecha tushdan keyin qurollangan shaxs Sidneydagi Bondi Junction savdo markazida xaridorlarga pichoq bilan hujum qildi va politsiya uni otib o‘ldirishdan oldin ko‘plab odamlarni yaraladi. Besh nafar jabrlanuvchi – to‘rt nafar ayol va bir erkak olgan jarohatlaridan vafot etgan, yana bir ayol esa keyinroq shifoxonada vafot etgan. Jabrlanganlarning yoshi 20 yoshdan 55 yoshgacha.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ndan ortiq yaradorlar shifoxonalarda qolmoqda, ularning aksariyati og‘ir, ammo barqaror ahvolda. Og‘ir yaralanganlar orasida to‘qqiz oylik bola ham bo‘lib, uning onasi hujumda vafot etgan.
“Reuters” axborot agentligining qayd etishicha, 26 million aholisi bo‘lgan, o‘qotar qurollar bo‘yicha dunyodagi eng qattiq qonunlarga ega Avstraliyada bunday hodisalar juda kam uchraydi.