34 yoshli Mirolim Mirsamig‘ovich O‘lmasov qidiruvga berildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan «Abdul Zufar» laqabli Mirolim O‘lmasov 2018 yilda ishlash bahonasida Turkiyaga ketgan, u yerdan «Tahrir Ush-Shom» terrorchilik tashkilotiga birlashish maqsadida Suriya davlatiga o‘tib terrorchilar safiga qo‘shilgan.
O‘lmasov Turkiyada bo‘lgan vaqtida turi internet saytlaridan diniy-ekstremistik oqimlar, xalqaro terroristik tashkilotlar vakillarining g‘oyaviy rahnamolari – Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar, Abu Saloh va boshqalarning hijrat va jihodga chorlovchi ma’ruzalarini eshitib yuradi. Aqidaparastlik g‘oyalaridan ta’sirlangan Mirolim jihod amallarini bajarish hamda mujohid birodarlari safiga qo‘shilishni maqsad qiladi va noqonuniy yo‘llar orqali Suriyaga o‘tib qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etadi.
Fuqaro aqidaparastlik g‘oyalariga berilib ketganidan oradan uzoq vaqt o‘tishiga qaramay oilasi bilan aloqaga chiqmaydi. Birgina 2020 yilda sinfdosh do‘sti bilan Telegram messenjeri orqali gaplashgan O‘lmasov Suriyadaligini isbotlovchi rasmni jo‘natadi.
Mirolim O‘lmasov 2020 yildan boshlab «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimi a’zosi sifatida ro‘yxatga olingan va unga nisbatan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan rasmiy qidiruv e’lon qilingan.