O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bir qator Sharq mamlakatlarining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari bilan birga iftorlik qildi. U bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Kecha, 30 mart kuni Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘oniston, BAA, Bangladesh, Eron, Falastin, Indoneziya, Iordaniya, Jazoir, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘mon davlatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan iftorlik qildi. Iftorlik dasturxonida Falastin elchisi Javad Muhammad Avad Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan birga o‘tirgan.
«Biz savdo va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratgan holda turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlarimizni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarimizni to‘la safarbar qilishimiz lozimligini ta’kidladik», deya yozgan Baxtiyor Saidov.