Joriy yilning 7-mart kuni mamlakatimiz Prezidenti Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda Senat Raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilinishini maʼlum qilgan edi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari hamda faol ayollar Komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini taʼminlashga masʼul etib belgilanishi, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha alohida dastur qabul qilinishi aytib oʻtilgandi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbankka zarur resurslari ajratildi, shuningdek, xorijiy grant mablagʻlarini jalb qilish choralari koʻrilmoqda.
Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarligidagi Komissiya zimmasiga yuklatildi.
Shu maqsadda Senat Raisi rahbarligida mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, oldidagi vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, 2024-2025-yillarda tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish ishlari boshlandi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi respublika ishchi guruhi xotin-qizlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni mahalladan boshlash maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida boʻldi.
Dastlab tuman hokimiyatida respublika ishchi guruhi aʼzolari, viloyat va tuman masʼullari bilan uchrashuv oʻtkazilib, vazifalar belgilandi. Aholisi 3 ming nafardan ziyodni tashkil etadigan “Qirsadaq” mahallasi namunaviy ish tashkil etish uchun tanlab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari “Qirsadaq” mahallasida boʻlib, mahalla faollari, nuroniylar, otinoyilar, mahalla yettiligi bilan uchrashuv oʻtkazdi hamda bevosita mahallada amalga oshiriladigan ishlarni kelishib oldi.
Endilikda ishchi guruh aʼzolari uyma-uy yurib, xatlov oʻtkazgan holda mahalla aholisining har biri shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini aniqlaydi hamda uning natijalaridan kelib chiqib, mahallani rivojlantirish rejasini ishlab chiqadi. Shu bilan birga ushbu jarayonda ijtimoiy-himoyaga, tibbiy, psixologik yordamga muhtoj fuqarolarga koʻmak berish choralarini koʻradi.
Senat Raisi “Qirsadaq” mahallasida Navroʻz bayrami arafasida tashkil etilgan umumxalq hasharida ham ishtirok etdi.