“Afrosiyob” muzeyida yangi ekspozitsiya ochildi

“Afrosiyob” muzeyida yangi ekspozitsiya ochildi

 Koreya Respublikasi Madaniy Meros jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi oʻrtasida memorandum imzolangan edi.

Ushbu hamkorlik “Ipak yoʻli” madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi boʻyicha maʼlumot hamda koʻnikma almashinuvi, shu bilan birga arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirish, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi fondida saqlanayotgan etnografik va arxeologik topilmalarni restavratsiya va konservatsiya qilishga yoʻnaltirilgan. Jumladan, Koreya Respublikasi Madaniy meros jamgʻarmasi tomonidan 2022-2026-yillarga moʻljallangan “Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida muzeyining restavratsiya ishlari uchun 300 ming AQSH dollariga yaqin mablagʻ ajratildi. Natijada muzeyning birinchi qavati ekspozitsiyasi yangidan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi, koʻrgazmalar zali, videozal va yoʻlaklar yangilandi. Ikkinchi qavatning shifti va tomi ham qayta taʼmirlandi.

Shu munosabat bilan muzeyda yangi ekspozitsiyaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Madaniy meros agentligining birinchi oʻrinbosari, professor Tursunali Qoʻziyev, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi bosh konsuli Kuk Jang Hyun, Koreya Respublikasi Madaniy meros jamgʻarmasi boshqarma boshligʻi Chae Su He, viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

— “Afrosiyob” devoriy suratlari bundan 1400-yil avval diplomatik missiya bilan Koreya yarim orolidan Samarqandga kelgan elchilarni eslash maqsadida chizilgan, — deydi Kuk Jang Hyun. — Muzeydagi eksponatlar nafaqat mamlakatlarimiz tarixiy ramzi, balki insoniyatning umumiy madaniy merosidir. Shu bois biz ularni asrab-avaylash va boshqarish uchun hamkorlikni davom ettiramiz.

Tadbir qayd etilganidek, Samarqand shahrining qadimgi davri yoritilgan muzey koʻrgazma ishlari 1980-1990, qisman 2007-yillarda amalga oshirilgan edi va bu mavjud koʻrgazma konseptual gʻoyasi nuqtayi nazaridan hamda koʻrgazma uskunalari maʼnaviy jihatdan eskirganligi sababli hozirgi kun talablariga javob bermay qolgandi. Shuni inobatga olib muzeyning 1-qavatida joylashgan koʻrgazmada kapital reekspozitsiya ishlari amalga oshirildi.

— Yangi koʻrgazma besh boʻlimga ajratilgandi boʻlib, I boʻlim XIX asrning oxiri XXI asr boshlari qadimiy Samarqand shahrida olib borilgan arxeologik qazishma ishlari tarixini oʻz ichiga oladi, — deydi “Afrosiyob” muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. — II boʻlim Samarqand miloddan avvalgi VII-IV asrlarda, III boʻlim Samarqand ellenizm va yunon-baqtriya davrlarida, IV boʻlim Shahar va qadimgi koʻchmanchilarning madaniy aloqalari va V boʻlim Soʻgʻdiyonaning oltin davrini qamrab oladi.

Yangi ekspozitsiyani loyihalashda devor sirtining umumiy rang tarkibi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Zallardagi eksponatlarni toʻgʻri yoritish uchun rang kombinatsiyalari zallarning pollaridagi marmar qoplamlari bilan va devorlarni asosiy ranglari maxsus yorugʻlik moslamalari bilan uygʻunlashtirilgan.

Tadbirda muzeyni yangi koʻrinishga keltirishda hissa qoʻshgan ikki davlat soha masʼullariga esdalik sovgʻalari topshirildi va ishtirokchilar muzeydagi eksponatlar koʻrgazmasini tomosha qildilar.